Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi «Uzun» davlat o’rmon xo’jaligi hududidan topilgan – onasidan ajralib qolgan 1 dona qo’ng’ir ayiq bolasi Toshkent hayvonot bog’iga olib kelindi.
Qayd etilishicha, ochlik sababli “Qizil kitob”ga kiritilgan ayiqchaning hayoti xavf ostida bo’lgan.
“Ayiqchaning vazni juda oz. Ular odatda qishki uyquga ketishdan oldin, ko’klamga yetib olishga imkon beruvchi qalin yog’ qatlamini to’plashi lozim ekani inobatga olinsa, ayiqcha omon qolmasligi mumkin edi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, shu sabab jonivor hayvonot bog’idagi reabilitasiya markaziga o’tkazilgan hamda mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan. Ayni paytda unga qulaylik yaratish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani ma’lum qilingan.