Olimlar Somon yo‘li galaktikasidan tashqarida insoniyat tarixidagi eng yirik qora tuynuklar birlashuvini qayd etdi. Bu hodisa haqida“The Guardian” nashri xabar berdi.
2023 yil noyabr oyida Vashington va Luizianadagi LIGO gravitatsion to‘lqin detektorlari ushbu hodisadan kelgan fazo-vaqt to‘lqinlarini qayd etgan. Endilikda tadqiqotchilar signallar taxminan 10 milliard yorug‘lik yili uzoqlikdan kelganini va ular Quyosh massasining mos ravishda 103 va 137 barobariga teng bo‘lgan ikki qora tuynukning to‘qnashuvi oqibatida yuzaga kelganini aniqlagan. Buning ortidan hosil bo‘lgan qora tuynukning massasi 265 ta Quyosh massasiga teng bo‘lib, bu uni tarixda qayd etilgan eng yirik qora tuynuklar birlashuviga aylantiradi.
LIGO fiziklarining aytishicha, bu kabi ulkan qora tuynuklar avvalgi birlashuvlar natijasida shakllangan bo‘lishi mumkin. Detektorlar ushbu to‘qnashuvdan keyingi “so‘nish fazasi”ni – yangi hosil bo‘lgan qora tuynukning “jaranglash”i va barqarorlashuv lahzasini ham qayd etgan. Yerga yetib kelgan to‘lqinlar proton kengligidan minglab barobar kichik tebranishlarni yuzaga keltirgan.
Qayd etish joiz, 2025 yil fevralida xalqaro olimlar guruhi tarixdagi eng yorqin va eng tez o‘sayotgan ultramassiv qora tuynukni aniqlagan. U Quyosh massasidan 17 milliard barobar og‘ir bo‘lib, har kuni Quyosh miqdoridagi materiyani yutmoqda. Ushbu materiya qora tuynukka tortilayotganda juda katta miqdorda energiya tarqatadi.
Yaqin vaqt ichida olimlar GRAVITY+ uskunasi yordamida ushbu qora tuynuk massasini bevosita o‘lchash va uning o‘z o‘qi atrofidagi aylanishini kuzatishni rejalashtirmoqda. Bu esa ultramassiv qora tuynuklar massasi va ularning yorqinligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olimlar Yer orbitasida harakatlanayotgan ikkita sun’iy yo‘ldosh yordamida modellashtirilgan sun’iy Quyosh tutilishi qanday ko‘rinishini ilk bor namoyish qilgandi.