image0

Olimlar pterozavrning yangi turini aniqladi. Ushbu qanotli sudraluvchi dinozavrlar bilan bir davrda yashagan va taxminan 209 million yil avval hayot kechirgan. Tadqiqot PNAS (Proceedings of the National Academy of Sciences) ilmiy jurnalida chop etilgan.

200 mln yillik jag‘: olimlar yangi pterozavr turini kashf etdi1

Qayd etilishicha, u Shimoliy Amerikada topilgan eng qadimiy pterozavr hisoblanadi. Uning jag‘i 2011 yilda topilgan bo‘lsa-da, faqat zamonaviy texnologiyalar yordamida ushbu qoldiqlar ilgari noma’lum bo‘lgan yangi turga tegishli ekani aniqlanishiga imkon bergan.

Tadqiqotlarga Vashingtondagi Smitson tabiiy tarix milliy muzeyi olimlari rahbarlik qilgan. Yangi turga Eotephradactylus mcintireae degan nom berilgan – bu “tong ma’budasi kulrang qanot” degan ma’noni anglatadi. Bu nom bir tomondan yunon ma’budasi Eosni eslatadi, boshqa tomondan vulqon kulini. Aynan o‘sha kul suyaklarni qadimgi daryo o‘zanida saqlanib qolishiga yordam bergan.

Ushbu qoldiq Chinle formatsiyasining yuqori qatlamlarida topilgan va uni muzey volontyori, paleontolog Syuzann Makintayr aniqlagani bois, tur nomining ikkinchi qismi unga atalgan.

“Topilmadagi eng hayajonli jihat – jag‘dagi tishlar hali ham joyida bo‘lishi edi. Shu sababli, bu hayvonni aniqlash osonroq bo‘ladi”, deydi Makintayr.

Tadqiqot hammuallifi doktor Ben Kligman tushuntirishicha, “Trias davri pterozavrlarining suyaklari juda mayda, yupqa va ko‘pincha ichi bo‘sh bo‘lgani uchun ular oson yemiriladi va to‘liq qotmaydi”.

U ushbu qoldiqlar bilan 2018 yildan buyon shug‘ullanmoqda. Dastlab olim topilgan suyaklar pterozavrga tegishli ekani borasida shubhalangan, chunki ilgari bu qit’ada faqat bitta qadimgi davr pterozavri aniqlangan va hech qachon tub cho‘kindilarda topilmagan.

Ammo “jag‘ni diqqat bilan o‘rganganimda barcha shubhalar yo‘qoldi – maxsus tishlar va jag‘ tuzilmasi bu pterozavr ekani haqida shubhasiz dalil edi. Eng qiziq tomoni bu qadar nozik va kichik jag‘ daryo toshlari harakatidan yemirilmasdan qanday qilib to‘liq saqlangan? Demak, u mutlaqo noyob sharoitda qotgan”, degan Kligman.

Taxminan 200 million yil avval hozirgi Petrifayd-Forest milliy bog‘i hududidan qadimiy daryo oqib o‘tgan. Ushbu daryo asta-sekin hayvonlarning suyaklarini, tangachalarini va boshqa izlarini cho‘kindi qatlamlar ostiga ko‘mib,  asrab qolgan. Bu daryo qadimgi Pangea materigining markaziy qismidan o‘tgan.

Topilgan pterozavr jag‘i shu hududda aniqlangan 1200 dan ortiq qoldiqlarning faqat bittasi. Bu yerda baliqlar suyaklari, tishlari, tangachalari hamda koprolitlar (qotgan najaslar) ham topilgan.

“Endilikda biz ushbu qadimiy daryo qatlamlarida pterozavr suyaklarini ajratib olishga qodir ekanmiz, demak, dunyoda boshqa joylarda ham shunday triass davri cho‘kindilari bo‘lishi va ular ham pterozavr qoldiqlarini saqlayotgan bo‘lishi mumkin,” deydi doktor Kligman.

Olimlarning fikricha, topilgan joy qadimgi ekotizimning “muzlab qolgan onini” ifodalaydi. Bu yerda hozirgi zamon hayvonlari ajdodlari (masalan, qurbaqalar, toshbaqalar) dinozavrlar bilan yonma-yon yashagan.

Kligmanning so‘zlariga ko‘ra, bu hudud 200 million yil avvalgi evolyutsion o‘zgarishning isboti hisoblanadi.

“Biz keyinchalik hukmron bo‘lib ketgan hayvonlar guruhi bilan birga, yo‘q bo‘lib ketgan qadimiy turlarni ham birga ko‘rishimiz mumkin”, deydi u.

Bu topilma pterozavrlar evolyutsiyasiga ham yorqin nur tashlaydi. 150 dan ortiq pterozavr turlari ochilgan bo‘lsa-da, ular ichida Shimoliy Amerikadagi trias davri vakillari atigi ikkitagina edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lgan Qirg‘izistonda Norin daryosi bo‘yida Yer yuzining hech bir qismida topib bo‘lmaydigan dinozavrlarning qoldiqlari topilgandi.