Bu yozda bir necha kun davomida Yer odatdagidan tezroq aylanadi. Bu haqda Xalqaro Yer aylanishi va koordinat tizimlari xizmatiga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Posmotret etu publikatsiyu v Instagram
22 iyul kuni Yer bir kundagi odatiy 86 400 soniyadan taxminan 1,38 millisoniyaga tezroq aylanadi. 5 avgust kuni esa Yer 1,51 millisoniyaga tezroq aylanadi.
Odamlar allaqachon 9 iyul kuni qisqaroq kunni boshdan kechirdi – lekin ehtimol, buni sezmadi, chunki farq bor-yo‘g‘i 1,3 millisoniya edi. Atom soati joriy etilganidan beri eng qisqa kun 2024 yil 5 iyul kuni bo‘lgan — o‘shanda kun 1,66 millisoniyaga qisqargan.
“Biz 1 millisoniya haqida gapiryapmiz — buni inson his etmaydi”, deydi Kaliforniya universitetining San-Diyegoda joylashgan Skripps okeanshunoslik instituti geofizigi Dunkan Egnyu.
Ammo bu o‘zgarishlar sezilmasada, olimlar ularni kuzatib boradi, chunki texnologiyalar, jumladan, GPS tizimlari aniq ishlashi aynan shuga bog‘liq.
“Qisqaroq kunlar vaqt-vaqti bilan ro‘y beradi. Ular asosan yozda sodir bo‘ladi, chunki bu paytda Yer boshqa fasllarga nisbatan tezroq aylanadi. Bundan tashqari, bunga Oy va ehtimol, Yer yadrosidagi noma’lum jarayonlar ham qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Egnyu.
Yoz faslida shimoliy yarim shar quyoshga qarab og‘gan bo‘ladi – bu ekvator bilan qutblar orasidagi harorat farqini kamaytiradi. Bu haroratdagi kamayish yuqorida 9-10 km balandlikdagi kuchli shamollar – reaktiv oqimni sekinlashtiradi va uni shimolga qarab siljitadi. Shuning uchun ham yozda shimoliy yarim shardagi bo‘ronlar sekin harakat qiladi.
Fizika darsidan ba’zi narsalarni yodga olsak, Yer va atmosfera tizimida burchakli impuls saqlanadi. Agar atmosfera sekinlashsa, Yer tezroq aylanadi.
Lekin ayrim kunlar yanada qisqaroq bo‘ladi – bu Oyning ta’siri tufayli. Egnyuning aytishicha, Oy Yer ekvatoriga to‘liq mos kelmaydi, nishab bo‘ylab aylanadi. U har oyda ikki marta ekvator bo‘ylab harakat qiladi, shuningdek, oyiga ikki marta yuqori va pastki kengliklarda tepadan o‘tadi. Oy har 18,6 yilda o‘zining eng ekstremal shimoliy va janubiy pozitsiyalariga yetib boradi – bu oyning to‘xtashi deb ataladi – bu 2024 va 2025 yillarda sodir bo‘ladi.
22 iyul va 5 avgustda Oy Yerga eng yuqori burchagiga, ya’ni 28 darajaga yaqin bo‘ladi. Tik burchak Yerning tezroq aylanishiga olib keladi.
“Oy shimol yoki janubda bo‘lganida, oyiga ikki marta Yer tezroq aylanadi”, deydi Egnyu.
Bu ma’lumot, masalan, GPS operatorlari uchun juda muhim. GPS tizimi sun’iy yo‘ldoshlardan yuborilan signal Yerdagi qabul qilgichga yetib borish vaqti orqali aniq joyni hisoblab chiqadi. Agar Yer tezroq aylansa va GPS buni hisobga olmasa, u holda signal nuqtaga tezroq yetib borib, xatolik yuzaga kelishi mumkin.
Yerning aylanish tezligi tarix davomida turlicha bo‘lgan. Yer yangi shakllanayotgan davrda Oy unga yaqin bo‘lgan va kunlar ancha qisqa bo‘lgan. Bir milliard yil davomida kunlar faqat 19 soat bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan Oy Yerdan uzoqlashgani uchun kunlar uzaygan.
“Yerdagi taxminan bir trillion kundan faqat 100 000 tasigina hozirgi kunlarga nisbatan uzun bo‘lgan. Eng uzun kunlar esa aynan so‘nggi davrlarga to‘g‘ri keladi”, deydi Egnyu.
Boshqa jarayonlar, masalan, muz qatlamlarining erishi ham Yer aylanishini sekinlashtirishi mumkin. Muz suvlari ekvatorga tomon harakat qilmoqda – bu Yerni og‘irroq qilib, uni sekinlashtiradi.
Shu bilan birga, Yer tarixan qaraganda hozir asta harakatlanayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘n yilliklarda uning aylanishi sirli tarzda tezlashmoqda. Egnyu bu ortiqcha tezlik Yer yadrosidagi jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ammo buni isbotlash qiyin, chunki yadro bo‘yicha ma’lumotlar cheklangan. Shu sababdan, Yer yana tezlashadimi yoki sekinlashadimi – buni oldindan aniq aytish mushkul.