image0

Arxeologlar Peruning qadimgi Peniko shahrini topdilar, uning yoshi 3800 yil. U Peruning Uaura provinsiyasida, poytaxt Lima shimolida joylashgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Olimlarning taxminicha, Peniko miloddan avvalgi 1800 yillarda tashkil etilgan. Bu, ehtimol, qirg‘oq bo‘yidagi aholi punktlaridan baland And tog‘lari va Amazonka qirg‘og‘idagi aholi punktlariga boradigan yo‘lda joylashgan gavjum shahar edi. Arxeologlar 18 ta inshootni, jumladan, turar-joy binolari va jamoat binolarini topgan.

Jamoat binolaridan birida loydan yasalgan haykallar, marosim asboblari va “pututus” deb ataladigan narsalar – qobiqlardan yasalgan marosim quvurlari topilgan.

Peniko Amerikadagi eng qadimiylardan biri bo‘lgan Karal sivilizatsiyasining tanazzulidan keyin tashkil etilgan. Perudagi xuddi shu nomdagi aholi punkti, shuningdek, Karal-Supa nomi bilan ham tanilgan, miloddan avvalgi 2600-2000 yillarda rivojlangan. Peniko gematit, ya’ni yorqin qizil kukun hosil qilgan mineral savdosi tufayli rivojlangan deb ishoniladi. U keramika va lagerga rasmlarda hamda tanaga marosim belgilarini qo‘llashda ishlatilgan.

Peniko hududi endi sayyohlar uchun qisman ochiq. U yerda qazish ishlari 8 yil davom etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruda yuqori ijtimoiy mavqega ega ayolning qadimiy qabri topilgandi. Topilmaning yoshi taxminan 5 ming yil. Ayol mumiyosi Karal-Supa sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan Asperodagi arxeologik qazishmalar joyida topilgan. Vafot etgan ayolning yoshi 20-35 yosh deb baholangan. 5 ming yil davomida uning terisi, sochlari va tirnoqlari saqlanib qolgan. Ayolning tanasi bir necha qavat mato (paxta va qamishdan yasalgan bo‘yra) bilan o‘ralgan. Ustiga ara patlari bilan bezatilgan choyshab yopilgan. Ayolning boshida bosh kiyimi bo‘lgan.