image0

Yer yuzida iqlim o‘zgarishlari nafaqat issiq to‘lqinlarni, balki yana bir qancha xavfli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Jumladan, muzliklarning erishi bilan qadimiy viruslar uyg‘onishi va toshqinlar sababli o‘nlab yillar avval paydo bo‘lgan zaharli kimyoviy moddalar tabiatga chiqishi mumkin. Bu haqda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) taqdim etgan “Chegaradagi holatlar” (Frontiers) nomli hisobotining yettinchi sonida so‘z boradi.

“Global harorat sanoatgacha bo‘lgan darajaga nisbatan 2 daraja selsiydan yuqoriga chiqsa, doimiy muzliklar, dengiz muzlari, qor qoplami jiddiy kamayishi mumkin. Bunday kriosferik zonalarda (Yer yuzasida muz shaklida mavjud bo‘lgan suvlarning umumiy yig‘indisi) 670 millionga yaqin odam yashaydi, butun dunyo bo‘ylab milliardlab kishilar suv resurslari uchun aynan shu hududlarga tayanadi”, deyiladi hisobotda.

Muzliklarning erishi bilan atrof-muhitga avval muz ostida bo‘lgan mikroorganizmlar – viruslar, bakteriyalar va zamburug‘lar chiqib ketishi mumkin. Ularning ba’zilari antibiotiklarga chidamli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, bu esa sog‘liq uchun yangi xavf tug‘diradi. Hisobot mualliflari issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali kriosferaning erishini sekinlashtirishga chaqiradi. Shuningdek, kriosferadagi mikrob biodiversitetini chuqurroq o‘rganish tavsiya etiladi, chunki u butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

Hisobotda yana bir kam eslanadigan, ammo xavfli muammo qayd etiladi. Xususan, suv toshqinlari tufayli o‘nlab yillar davomida daryo-tub cho‘kindilarida to‘plangan zaharli moddalar yana tabiatga qaytib chiqishi mumkin. Bu moddalar oziq-ovqat zanjirlariga ham tushishi ehtimoli bor.

Bunday xavflarni kamaytirish uchun an’anaviy gidroinshootlar (to‘g‘onlar, suv saqlash hovuzlari), zamonaviy drenaj tizimlari, ifloslantiruvchi moddalarning doimiy monitoringi va “shimgich shaharlar” kabi tabiiy muhitga moslashtirilgan yondashuvlar taklif qilinadi.

“Issiq to‘lqinlar, suv toshqinlari va muzliklarning qisqarishi iqlim o‘zgarishining eng ko‘p uchraydigan va halokatli oqibatlaridan biridir. Ayniqsa, eng zaif toifa – yoshi katta kishilar uchun bu xavf juda dolzarb”, deydi UNEP ijrochi direktori Inger Andersen.

Boshqa omillar qatori surunkali kasalliklar, zaiflik, harakatchanlikning cheklangani, iflos havo va suv toshqini xavfi yuqori bo‘lgan sohillardagi yashash joylari keksalarni yanada zaiflashtiradi.  Baholashlarga ko‘ra, 1990 yillardan beri issiqlik sababli yoshi kattalarning o‘lim darajasi 85 foizga oshgan.

Mutaxassislar shaharlarni har bir yoshdagi inson uchun qulay, iqlim xavflariga chidamli va ekologik barqaror qilishga chaqirmoqda. Bu esa puxta urbanistik rejalashtirish, erta ogohlantirish tizimlari va aholining o‘zi ham bu xavflarni boshqarishda ishtirok etishi orqali mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida BMTning iqlim bo‘yicha ekspertlari Butunjahon muzliklar kuni munosabati bilan hisobot chiqarib, agar muzliklarning hozirgi erish sur’ati saqlanib qolsa, ular sayyoraning ko‘plab mintaqalarida XXI asr oxirigacha saqlanib qolmasligi mumkinligini e’lon qilgandi.