Olimlar hayvonlarning virtual reallikda qanday harakat qilishini yaxshiroq o‘rganish maqsadida sichqonlar uchun maxsus kichik VR (virtual reallik) ko‘zoynaklarini ishlab chiqdi. Bu haqda “Sky news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kornell universiteti tadqiqotchilari MouseGoggles deb nomlangan ushbu qurilmani arzon, keng tarqalgan komponentlardan, jumladan smart soat displeyi va kichik linzalardan foydalangan holda ishlab chiqqan. Olimlar ko‘zoynakni sichqonlarga taqib, ularning turli ogohlantirishlarga qanday javob berishini kuzatgan. Bildirilishicha, ushbu mini VR ko‘zoynaklar miya qanday qilib makon navigatsiyasi va xotirani boshqarishini o‘rganishga yordam beradi. Bu esa olimlarga Alsgeymer kabi kasalliklarni tushunish va ularni davolash usullarini ishlab chiqishda qo‘l kelishi mumkin.
Kornell universiteti ma’lumotiga ko‘ra, VR orqali eng samarali sinovlardan biri sichqonlarni kengayib kelayotgan qorong‘i dog‘ ularning ustiga tushayotganiga ishontirish bo‘lgan.
“Bunday sinovni odatdagi katta ekranli VR tizimlarida sinab ko‘rganimizda sichqonlar umuman javob bermagan edi. Ammo mini VR ko‘zoynaklar yordamida sichqonlarning deyarli barchasi birinchi marta buni ko‘rishi bilan sakrab tushdi. Ular chinakamiga yirtqich hujum qilayotganini his qilgandek bo‘ldi”, dedi tadqiqotning asosiy mualliflaridan biri Metyu Ayzekson.
Taxminan o‘n yil oldin Kornell universiteti jamoasi sichqonlarni virtual reallik muhitida kuzatish uchun qimmatbaho proyektor ekranlarini loyihalashtirishga kirishgan, ammo bu tizim ko‘pincha qiyin va samarasiz bo‘lgan. Shundan so‘ng Metyu Ayzekson oddiyroq, lekin yanada immersiv bo‘lgan VR ko‘zoynaklarini yig‘ishga kirishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro olimlar guruhi dunyodagi birinchi doimiy ishlaydigan yarim o‘tkazgichli lazerni kashf qilgan edi.