2030 yilga borib Yer aholisi taxminan 8,5 milliard kishiga yetadi, 2050 yilga borib 9,7 milliardga, 2100 yilga esa 10,9 milliardga yetishi kutilmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangiliklar xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, bunday keskin o‘sishning asosiy sabablari – reproduktiv yoshga yetgan odamlar sonining ortishi, tug‘ilish darajasidagi sezilarli o‘zgarishlar, urbanizatsiya darajasining oshishi va migratsiya jarayonlarining tezlashuvidir. Bu tendensiyalar kelajak avlod uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi.
“Yaqin o‘tmishda tug‘ilish darajasi va umr ko‘rish davomiyligida katta o‘zgarishlar yuz berdi. 1970 yillar boshida ayollar o‘rtacha 4,5 farzand tug‘ishgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha 2,5 tadan kamga tushdi. Shu bilan birga, dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1990 yillar boshidagi 64,6 yoshdan 2019 yilga kelib 72,6 yoshga oshdi”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, urbanizatsiya darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda va migratsiya jarayonlari tezlashmoqda. 2007 yil insoniyat tarixida ilk bor shaharlarda yashovchilar soni qishloqlardagidan oshgan edi. 2050 yilga kelib esa Yer aholisining taxminan 66 foizi shaharlarda yashashi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, har yili 11 iyul sanasi Jahon aholi kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana BMT tomonidan 1989 yilda aholining o‘sishi, barqaror taraqqiyot, sog‘liqni saqlash, gender tengligi va inson huquqlari kabi muhim masalalarga e’tibor qaratish maqsadida joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholi soni qariyb 38 million nafarga yetgani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, shahar joylarda 19,3 mln kishi, qishloq joylarda 18,6 mln kishi istiqomat qilmoqda. Shuningdek, ayollar soni 18,8 mln kishi, erkaklar soni 19,1 mln kishi.