image0

Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan e’lon qilingan “Global Tinchlik Indeksi” (Global Peace Index, GPI) reytingida Qozog‘iston 56-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyodagi eng tinch mamlakat bo‘ldi. Bu haqda tashkilot tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirilgan.

GPI dunyo aholisining 99,7 foizini qamrab oladi va 23 ta sifat hamda miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar ishonchli xalqaro manbalardan olinadi va dunyo davlatlaridagi tinchlik holatini quyidagi uch asosiy yo‘nalishda baholaydi:

  • Jamiyatdagi xavfsizlik va barqarorlik darajasi;
  • Ichki va xalqaro mojarolar davomiyligi;
  • Harbiylashtirish darajasi.

Bu indeks davlatlarning qurolli to‘qnashuvlardan holi bo‘lishi, fuqarolar xavfsizligi, jinoyatchilik darajasi, qo‘shnilar bilan munosabatlar va harbiy xarajatlar kabi ko‘rsatkichlar orqali aniqlanadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari reytingda quyidagi o‘rinlarni egallagan:

  1. Qozog‘iston – 56-o‘rin;
  2. O‘zbekiston – 67-o‘rin;
  3. Qirg‘iziston – 78-o‘rin;
  4. Tojikiston – 79-o‘rin;
  5. Turkmaniston – 87-o‘rin.

Dunyo bo‘yicha eng tinchliksevar davlat sifatida Islandiya e’tirof etilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Irlandiya va Yangi Zelandiya joylashgan. Eng oxirgi o‘rinni esa Rossiya egallagan – 163-o‘rin. Ukraina undan bitta yuqorida, ya’ni 162-o‘rinda. Shuningdek, AQSH 128-o‘rinda, Isroil 155-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Eron 142-o‘rindan joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Oxford Economics Global Cities Index” reytingida Qozog‘istonning Olmaota shahri Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shahar deb topilgan hamda dunyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 258-o‘rinni egallagandi. O‘zbekiston poytaxti Toshkent esa Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 3-o‘rinni, dunyoda esa 471-o‘rinni qayd etgan.