Akkumulyatorsiz “KamAZ”, o'zi otar avtomat, suv ostida yuruvchi robot. Festivalda nimalar namoyish etildi?

O’zbekiston Mudofaa vazirligi qo’shinlari faoliyatiga zamonaviy ilmiy-texnik va ratsionalizatorlik ishlanmalarini kiritish maqsadida 25-26 may kunlari “Hech bir ijobiy g’oya e’tibordan chetda qolmaydi” shiori ostida “TECHNO DISCOVERY–2019” festivali o’tkazildi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati O’zAga ma’lum qildi.

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonida bo’lib o’tgan ushbu festival doirasida namoyish etilgan ixtirolarni mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlik mutasaddilari, Qurolli Kuchlar faxriylari, shuningdek, barcha harbiy okruglar qo’mondonlari bevosita ko’zdan kechirib, har birining armiyamiz manfaatlari uchun qanchalik ahamiyatli ekanligi bilan qiziqdi.

O’zbekiston armiyasida birinchi bor o’tkazilayotgan bu turdagi keng ko’lamli festivalda uch yuzdan ortiq harbiy xizmatchi o’zlarining yangicha yondashuvi asosida yaratgan ixtirolari, mavjud texnikalarga kiritgan o’zgartirish va qo’shimchalari, uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan kelayotgan qurilmalarni zamon talablariga moslashtirgani bilan alohida ajralib turdi.

Xususan, maxsus tadbirlar o’tkaziluvchi joylarda vujudga kelayotgan vaziyatlar haqida ma’lumotlar yig’ish va ularni qayta ishlash, boshqaruvni tashkillashtirish maqsadida qo’mondonlik va tezkor shtab ishini amalga oshirish uchun mo’ljallangan o’zgaruvchan hajmga ega mobil qo’mondonlik-shtab punkti ko’pchilikning e’tiborini tortdi.

“KamAZ” yuk mashinasining bazasiga o’rnatilgan ushbu punktni yaratishga 400 million so’mga yaqin mablag’ sarflangan bo’lib, bir yoki ikki kishi uni to’liq ish jarayoniga tayyorlashiga 10 daqiqa sarflaydi. Uning yordamida videokonferensiyalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda mazkur mobil punktlarni Mudofaa vazirligi tashkilotlarida ishlab chiqish yo’lga qo’yiladi.

Festivalning yana bir ko’zga ko’ringan loyihalaridan biri bu – desantchining o’quv-mashg’ulot kompleksi. Mazkur kompleks shaxsiy tarkibni parashyutdan sakrashga mukammal va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlashga mo’ljallangan. Uning yordamida desantchining uchish apparatidan sakraganidan boshlab bajaradigan barcha amaliy harakatlarini yerning o’zida to’liq sinab ko’rish mumkin. Bundan tashqari, “UTKD-1” qurilmasi vizualizatsiya tizimi bilan jihozlangan bo’lib, undagi maxsus dasturiy ta’minotga ega dasturiy-apparat moduli yordamida virtual reallik hosil qilinadi.

Avtomatni masofadan turib boshqarish qurilmasi esa ko’pchilikka Gollivudning “Shoqol” filmini eslatib yubordi.

Festivalda harbiy-texnik sohaga oid ishlanmalardan tashqari hayotning barcha jabhalarida foydalanish uchun mo’ljallangan innovatsion loyihalar ham ishtirok etdi.

Jumladan, suv ostida mustaqil harakatlanuvchi robot, 3D model orqali robot harakati dasturini avtomatik yaratish tizimi, odamning yuz qiyofasini tanish orqali u haqida ma’lumot berish dasturi, zararlangan hududlardan turli namunalarni olib keluvchi robot va boshqa ko’plab shu turdagi ixtirolar yig’ilganlarning qiziqishini yanada orttirdi.

Bir vaqtning o’zida 4 ta akkumulyator batareyalarini zaryadlash imkoniga ega ko’chma batareya moduli esa nafaqat harbiy xizmatchilarga, balki uzoq yo’lga otlangan boshqa kasb egalariga ham asqatishi shubhasiz.

Shuncha ratsionalizatorlik ishlari orasida yoshlar ham e’tibordan chetda qolgani yo’q. Chaqiriqqacha yoshlarni dastlabki o’t ochish ko’nikmalari bilan tanishtirish maqsadida yaratilgan mobil tir aynan bo’lg’usi Vatan himoyachilariga mo’ljallangan. Bunda harakatlanuvchi nishon pnevmatik vintovka va to’pponcha yordamida o’qqa tutiladi. Uning boshqa tirlardan afzalligi – 12 metrli konteynerdan yasalgani va istalgan og’ir texnika yordamida tashish qulayligida.

Akkumulyatorsiz o’t oladigan “KamAZ” yuk mashinasi, ming metrgacha uzoqlikdagi nishonga olishga yordam beradigan tungi ko’rish moslamasi, harbiy kadrlar bilan ishlashda individual yondashuvni kuchaytirishga mo’ljallangan dasturiy ta’minot shu va boshqa turdagi ko’plab yangiliklar O’zbekiston armiyasi va harbiy xizmatchilarning kelajakdagi faoliyatiga yanada samara bag’ishlashiga ishonchimiz komil.

Festival yakunida general-mayor Bahodir Qurbonov Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faollariga “Namunali xizmati uchun” ko’krak nishonlarini, festivalni tashkil etishda jonbozlik ko’rsatgan hamda o’zining ratsionalizatorlik ishlari bilan ko’pchilikning diqqatini tortgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvon va esdalik sovg’alarini topshirdi. Harbiy okruglar hamda harbiy qismlar qo’mondonliklari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar bilan taqdirlandi.

Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli hamda Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri, shuningdek, taniqli estrada xonandalari tomonidan havola etilgan ko’ngilochar tadbirlar, harbiy xizmatchilarning ko’rgazmali chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Bundan tashqari, poligonda tashkil etilgan kitob yarmarkasi, sovrinli viktorina o’yinlari hamda madaniy tadbirlar festivalga kelgan aholining maroqli dam olishini ta’minladi.

O’zA