XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

OLTINXO’R QO’ZIQORIN

 

Yaqinda avstraliyalik olimlar «Fusarium oxysporum» deb nom olgan qo’ziqorin turining o’ziga xos, ammo hali hech kimga ma’lum bo’lmagan xususiyatini aniqlashdi. Bu qo’ziqorin ona zamindagi oltin zarralari bilan oziqlanarkan. Oltin zarrasini qay yo’l bilan topib tanasiga singdiradi, hozircha ma’lum emas. Ammo o’sha zarralarni tola shakliga keltirib tanasiga marjon kabi tizib olishi laboratoriya tekshiruvlarida o’z isbotini sotdi. Ajablanarlisi, bu qo’ziqorin turi oltin yutish hisobiga yaxshi o’sarkan.

 

GUL HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

1. Germaniyada dunyodagi eng keksa atirgul o’sadi. U 1000 yildan beri o’sishda va bir-biridan ajoyib atirgullar atrini taratishda davom etmoqda. Atirgulning bo’yi allaqachon to’rt metrdan-da oshib ketgan.

2. Amerika Kongressi qaroriga ko’ra, 1986 yili atirgul milliy gul sifatida tan olingan.

3. Avstraliyada o’sadigan tropik gullar shu zamindan bo’lak dunyoning hech bir maskanida uchramaydi.

4. Qadimiy Misrda gul o’stirishni 4 ming yil oldin boshlashgan.

5. Xrizantema Yaponiyada imperator guli hisoblanadi. Shu gul sharafiga mamlakatda Xrizantema ordeni ham ta’sis etilgan. Yaponiyada o’sadigan gullarning aksariyati o’zidan hid taratmaydi. Chunki bu davlatda gullardan hidlab emas, husniga boqib zavqlanishga odatlanishgan.

6. Dunyoda eng tez o’sadigan gul lola sanaladi. Lola bir kecha-kunduzda 2 santimetrgacha o’sishi mumkin.

7. Amerikadagi yovvoyi fikus deb nomlangan gulning ildizlari 120 metrgacha yetadi.

8. Xitoyda pion deb nom olgan gul millat faxri hisoblanadi. Xitoyliklar pion xonadonlardan yovuz ruhlarni haydashiga qattiq ishonishadi.

9. Ko’plab gullar bemorlarni davolash xususiyatiga ega. Masalan, delfinium degan gulni qachonlardir qo’l va oyoqlar singanda malham sifatida bosishgan. Gul jarohatni juda qisqa fursatda bitkaza olgan.

10. Janubiy Amerika tog’ cho’qqilarida bir gul o’sadi. U 150 yilda bir marta gullaydi. Gullashga gullaydi-yu, ammo shu zahoti halok bo’ladi.

Olimjon HAYIT tayyorladi