Dunyodagi eng qimmat ko‘chmas mulk bozori – Monako. Undan keyingi o‘rinlarda Nyu-York va Gonkong joylashgan. Bundan tashqari, Fransiyaning olti shahri ham Top-20 ro‘yxatidan joy olgan. Bu haqda 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra VisualCapitalist jamoasi taqdim etgan jadvalda keltirilgan.
Reyting 100-200 kvadrat metr maydonga ega hashamatli xonadonlar uchun o‘rtacha narx (1 kvadrat metr uchun) asosida tuzilgan bo‘lib, ma’lumotlar New World Wealth va Henley & Partners tomonidan taqdim etilgan.
Hashamatli ko‘chmas mulklar odatda dunyodagi hamma borishni orzu qiladigan joylarda – hayot tarzi, sarmoya yoki obro‘ uchun xarid qilinadi. Bunday xonadonlar quyidagi to‘rt asosiy xususiyatga ega:
- Yuqori qiymat – mashhur shaharlarda yoki eksklyuziv kurort hududlarida joylashgan, 1 kvadrat metr uchun narxlar juda yuqori;
- Hashamatga yo‘naltirilgan – qulaylik, dizayn va yakuniy ishlovlar eng yuqori sifatda bo‘ladi;
- Strategik joylashuv – barqaror, global aloqalarga ega va yuqori hayot sifatini taklif qiluvchi hududlar;
- Sarmoyaviy qiymat – ko‘pincha doimiy yashash huquqi yoki fuqarolik olish imkonini beruvchi investitsiya dasturlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu barcha mezonlarga ko‘ra reytingning birinchi o‘rnini egallagan davlat – Monako. Fransiya sohillaridagi bu mitti davlat dunyoning eng badavlat kishilarini past soliqlar, eksklyuziv hayot tarzi va rivojlangan moliyaviy sektori bilan o‘ziga jalb qiladi. Hududning torligi va talabning nihoyatda yuqoriligi Monakoni hali-hanuz kvadrat metr narxlari bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylantirib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilingandi. Reytingga ko‘ra, Qozog‘istonning Olmaota shahri Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shahar deb topilgan hamda dunyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 258-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston poytaxti Toshkent esa Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 3-o‘rinni, dunyoda esa 471-o‘rinni qayd etgan.