XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

FRANSIYaDA QO’YLAR HAM MAKTABGA QATNAY BOShLADI

 

Fransiyadagi Alp tog’larida joylashgan kichik qishloq aholisi atigi 4000 kishini tashkil etadi. Yaqinda shu qishloqdagi o’rta maktab rahbariyati o’quvchilar yetishmasligi sababli 11- sinflardan biri yopilishini aytib qolishdi. Bu xabar ota-onalarni oyoqqa turg’azdi. Qanday o’ylab topishdi, xudo biladi. Mahalliy fermerni ko’ndirishdi. Fermer 50 ta qo’yni yetaklagancha maktabga kirib keldi. Maktab rahbarlaridan shu qo’ylarni ham maktabga olishni so’radi. Agar shunday qilinsa, sinf yopilmas ekan. Bu gap mer Jan-Lui Mare janoblariga ham yetib bordi. Qarangki, u ham o’ylab turib bu taklifni qo’llab-quvvatladi. Faqat 50 ta qo’ydan 15 tasigina maktabga qabul qilindi.

 

IT BILAN KIRISh RUXSAT ETILADIGAN KINOTEATR

XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

Amerikaning Texas shtatida «K9» kinoteatri bor. Mamlakat bo’yicha bironta ham kinoteatrga odamlar uy hayvoni bilan kiritilmaydi. Faqat yuqorida nomi zikr etilgan kinoteatrgina bundan mustasno. Kinoteatr egasi Erik Lankford atayin shuni o’ylab topgan. O’zining aytishicha, bir paytlar kinoga ketib har gal o’zining sevimli itini yolg’iz qoldirishiga to’g’ri kelgan. Oxiri joniga tekkan. O’zi kinoteatr ochgach, xuddi shu sharoitni yaratgan. Tomoshabinlarga iti bilan kelishga nafaqat ruxsat etilgan, balki iltimos qilingan.

It bilan kinoteatrga kirish haqi 15 dollar turadi. Shu pul evaziga ichkariga kirilgach, tekin viski va sharob ham berishadi. Xohlovchilar ichkarida o’zi va iti uchun qo’shimcha yegulik ham xarid qilishlari mumkin. Faqat bir sharti bor. It veterinar ko’rigidan o’tganligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo’lishi kerak. Bundan tashqari, it egalari kino tugagach, jonivordan qolgan axlatlarni tozalab ketishlari lozim.

Olimjon HAYIT tayyorladi