BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

PLASTIK JARROH MONOLOGI

 

Sizga bir narsani aytib qo’yay. Bizning mamlakatda plastik jarrohlik kasbi hozirgi kunda juda an’anaviy bo’lib ketdi. Ha, xadq orasida bizni qanday atashadi, bilasizmi? Bashara buzuvchilar va tuzatuvchilar…

To’g’ri, biz chiroyli basharani xunukka ham aylantirib berishimiz mumkin. Pulini to’lasa bo’ldi…

Quloqlar, ko’zlar, lablar, burunlar… Hammasini to’g’rilaymiz. Agar ayol onasidan mana mundoq katta burun bilan tug’ilgan bo’lsa-yu, bizning oldimizga kelmasa, shundayligicha o’lib ketaveradi.

Shunday voqealar ham bo’lgan. Ayol burni kattaligidan bolasi kimdan tug’ilganini bila olmay qiynalgan.

Endi bo’lsa… Ikki soatda hammasi taxt…

Ha, shunday holatlar ham bo’lib qoladi. Plastik operatsiyadan keyin ayollarni eri tanimay qoladi. Kasalxonaning o’zidan xushomad qilishni boshlaydi. Shunday ayol uchun xotinini tashlab ketishga va’da beradi…

Bundan bilish mumkinki, tibbiyot bir qadam oldinga qadam tashlabdi.

Tishlarni ham istagan hid bilan qo’ydirishingiz mumkin. Har xil gullarning isi keladigan tishlar bor bizda. Yaqinda bir ayol konyak hidi keladigan tish qo’ydirgandi. O’shandan beri erkaklar unga tinchlik bermay qo’yishibdi. Lablariga yopishishgani-yopishishgan…

O’tgan yili oldimga bir ayol keldi. Oyoqlari shunchalar qiyshiqki…

Oyoq qiyshiq bo’lsa qiyin-da!.. Hash-pash deguncha oyoqlarini to’g’rilab chiqarib yubordim. Eshitishimcha, hozir uning ikkita o’ynashi bormish. Ikkalasi ham qandaydir vazirlar…

Yana bir ayol keldi. Siynasini 8-razmer qilib berishimni so’radi. Eri shuni istaganmish. Men avval 3, keyinroq 5, oxirida bor-e dedim-u, 8- razmer qilib tashladim… Ishonasizmi, eri ko’rdi-yu…

O’ziyam kasalxonamizga yotib oldi. Haligi…

Ie, nimani uzaytirish deb tushundingiz? Xayolingiz darrov boshqa yoqqa ketmasin-da!.. Qo’lini uzaytirishga yotdi dedim…

Endi eng qimmatli narsa haqida… Yana boshqa narsaga burayapsizmi? Men kasalxonamizdagi narxlar haqida aytayapman.

Ha, ayollar narxlarimizni dahshat deb atashadi. Shunda men aytaman.

— Xonim, avval ko’zguga yaqin borib basharangizni bir ko’ring. Shunda siz dunyoda bizning narxlardan ham dahshatliroq narsalar borligini tushunib yetasiz…

 

 

AJAL KAMPIR

 

 

Neyrojarrohlik bo’limiga bir kuni to’qson yashar kampirni olib kelishdi. Boshida shishi bor ekan. Sochlarini qirib, jarrohlik stoliga yotqizishdi. Kechqurunga borib kampir narkoz ta’siri ketib uyg’ondi. Boshi doka bilan o’rab tashlangan, o’zi qip-yalang’och edi. Shu holda o’rnidan turib hojatxonaga kirdi. Ishi bitgach, sekin ortiga qaytdi. E, keksalik-da, nim qorong’ida palatasini adashtirib, erkaklar palatasiga kirib qolibdi. Qarasa, u yotishi kerak bo’lgan karavotda bir erkak uxlayapti. U ikki yildan beri bel og’rig’i tufayli o’rnidan qimirlay olmasdi.

Kampir uning ustidan ko’rpani olib tashladi. Erkak uyg’onib ketib qarasa, tepasida qip-yalang’och kampir turibdi. Baqirib yubordi.

— Og’aynilar, ajal!.. Meni olib ketishga ajal keldi!.. Azroil keldi!..

Hammayoq to’polon bo’lib ketdi. Narigi karavotda yotgan yigitning bo’yni sinib ketgan. Beligacha gipslab tashlangandi. U jonholatda sakrab polga tushdi. Ammo mo’ljalni aniq ololmadi shekilli, yonib turgan pechka ustiga yiqildi. Gips yona boshladi. Shovqin-suron, to’polon…

— Yong’in, qutqaringlar! — deb baqirardi bemorlar…

Palatadagilar amal-taqal tashqariga chopishdi. Kimdir emaklab, kimdir hassada…

Bittasining ko’zigacha doka bilan boylab tashlangan ekan. U dahshat ichida hamshiralar xonasiga kirib qoldi. U yerda navbatchi vrach va hamshira qiz allaqachon ishqiy sarguzashtni boshlab yuborishgandi. Qo’rqib ketishganidan ikkovi ham stoldan yiqilib…

Ha mayli, nima bo’lsa bo’lgandir. Qahramonimiz kampir esa…

Sekingina erkak turib qochgan karavotga yonboshladi-da, uyquga ketdi.