Kimda-kim «Muhtasham yuz yil» teleserialini tomosha qilgan bo’lsa, Xurram sulton dastlab To’pqopi saroyiga kelgach, sulton Sulaymon bilan oralarida muhabbat paydo bo’lgach, hukmdor boshqa kanizaklar bilan deyarli tunni kechirmaydigan bo’lgan. Lekin serialda haram mavjud edi. Tarixda, real hayotda esa buning aksi bo’lgan. Tarixchilarning qayd etishicha, sulton Sulaymon-Qonuniy Xurram sultonga o’zining qaynoq muhabbatini isbotlash uchun haramni tarqatib yuborgan. Kanizaklarning barchasi ozod etilgan. Faqat ayrim qul qizlargina sulton oilasiga xizmat qilish uchun qoldirilgan.
Biroq butun boshli imperiya hukmdori qo’l ostidagi qizlarni shundoq hech narsasiz haydab solishi mumkinligi hech kimning aqliga sig’maydi. Bu to’g’ri fikr. Sulaymon har bir kanizakka ketishidan oldin katta miqdorda oltin, bir necha o’n sidirg’adan sep, uy, qimmatbaho taqinchoqlar hadya etgan. Shunday qilganki, biror kanizak saroydan xafa bo’lib chiqib ketmagan. Eng go’zal va aqlli kanizaklar esa o’z rizoligi bilan badavlat beylar, vazirlarga uzatilgan. Qolganlar xohlasa, ona vataniga ketgan, xohlamasa, usmoniylar imperiyasida qolib yashashda davom etgan. Asosiysi, ularning hech biri tirikchilikdan, uydan, kiyimdan qiynalmagan. Yana bir jihati, ular shundan so’ng qul hisoblanmagan. Barchalariga ozodlik hadya etilgan.
Bir so’z bilan aytganda, Xurramning muhabbatini qozonish sulton Sulaymonga juda qimmatga tushgan.
Olimjon HAYIT tayyorladi