image0

Deyarli butun dunyo bo‘ylab tug‘ilish darajasi keskin pasaymoqda va millionlab odamlar o‘zlari xohlagancha farzand ko‘ra olmayapti. Asosiy sabablar – moliyaviy qiyinchiliklar, munosib juftning yo‘qligi va vaqt yetishmasligi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholi jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.

Hisobotga ko‘ra, odamlarning xohlagancha farzand ko‘ra olmasligi endilikda global norma bo‘lib qolmoqda. Reproduktiv huquqlar bilan shug‘ullanuvchi agentlik minglab insonlar ayni shu muammoga duch kelayotganini aytmoqda.

UNFPA tomonidan dunyoning 14 davlatida (Janubiy Koreya, Tailand, Italiya, Vengriya, Germaniya, Shvetsiya, Braziliya, Meksika, AQSH, Hindiston, Indoneziya, Marokash, Janubiy Afrika va Nigeriya) 14 000 nafar odam orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, har beshinchi ishtirokchi o‘zida yoki oilasida xohlagancha farzand yo‘qligini aytgan. Bu davlatlar yer yuzidagi aholining uchdan bir qismini tashkil qiladi. So‘rovda yoshlar ham, reproduktiv yoshdan o‘tganlar ham qatnashgan.

“Dunyoda tug‘ilish darajasining misli ko‘rilmagan darajada pasayishini kuzatmoqdamiz. Aksariyat odamlar ikki yoki undan ortiq farzand ko‘rishni istaydi. Biroq tug‘ilish pasayishining asosiy sababi – ko‘plab odamlar istagan oilani barpo eta olmasligida. Bu esa haqiqiy inqiroz”, deydi UNFPA rahbari, doktor Nataliya Kanem.

Demograf olima Anna Rotkirx esa bu tendensiyani “siljish” deb atagan.

“Umuman olganda, tug‘ilish ko‘pincha o‘ylagandagidek amalga oshmaydi, ya’ni odamlar istaganidan kamroq farzand ko‘radi”, deydi u.

Rotkirx Finlyandiya hukumati uchun demografik siyosat bo‘yicha maslahatchi sifatida xizmat qiladi. U, ayniqsa, 50 yoshdan oshgan respondentlarning 31 foizi xohlaganidan kam farzand ko‘rganini aytganidan hayratda qolgan.

Bu so‘rov kattaroq tadqiqotning sinov bosqichi bo‘lib, 2025 yil davomida 50 mamlakatni qamrab oladi. So‘rovda ayrim cheklovlar bo‘lsa-da, ayrim natijalar aniq: 39% hollarda moliyaviy sabablar farzand ko‘rishga to‘sqinlik qilgan. Janubiy Koreyada bu ko‘rsatkich 58%, Shvetsiyada esa 19%. Faqat 12% odam bepushtlik yoki homiladorlikdagi muammolarni asosiy sabab sifatida ko‘rsatgan. Ammo bu ko‘rsatkich Tailandda 19%, AQSHda 16%, Janubiy Afrikada 15%, Nigeriyada 14%, Hindistonda esa 13% bo‘lgan.

“Bu BMT tomonidan past tug‘ilish masalasi bo‘yicha birinchi jiddiy harakatdir”, deydi Gonkong Fan va texnologiya universiteti demografi, professor Styuart Jitel-Basten.

Shuningdek, UNFPA tug‘ilish darajasining pasayishiga qarshi chora-tadbirlar ehtiyotkorlik bilan ko‘rilishi kerakligi haqida ogohlantirmoqda.

“Hozirda biz haddan tashqari dramatik – go‘yoki falokat ro‘y berayotgandek fikrlarni eshitmoqdamiz. Bu ortiqcha aholi bo‘lishi mumkin, yoki aholi kamaymoqda degan tashvishlar. Bular esa ayollarni ko‘proq yoki kamroq farzand ko‘rishga majburlashga urinuvchi siyosatlarga olib kelmoqda”, deydi UNFPA rahbari, doktor Kanem.

U, shuningdek, bundan 40 yil avval Xitoy, Koreya, Yaponiya, Tailand va Turkiya ortiqcha aholidan xavotirda bo‘lganini, ammo 2015 yilga kelib ular, aksincha, tug‘ilish darajasini ko‘tarishga harakat qilishga kirishganini eslatgan.

“Biz ushbu mamlakatlar shoshqaloq, vahimaga asoslangan siyosat qabul qilib yuborishining oldini olishga harakat qilamiz. Bugungi kunda biz tug‘ilishning pasayishi, aholi qarishi, demografik o‘sishning to‘xtashi kabi holatlarning millatchilik, muhojirlarga qarshi va gender jihatdan konservativ siyosatni oqlash vositasi sifatida ishlatilayotganini ko‘ryapmiz”, deydi professor Jitel-Basten.

UNFPA, shuningdek, moliyaviy omillardan ham muhimroq to‘siq – bu vaqt yetishmasligi ekanini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tug‘ilish ko‘rsatkichi pasaygani xabar qilingandi. Xususan, joriy yilning birinchi choragida 266 478 ta tirik tug‘ilish qayd etildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 mingga kam degani.