image0

Butun dunyo bo‘ylab 1 millionga yaqin o‘simlik va hayvon turlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi. Bu haqda bugun, 22 may “Xalqaro biologik xilma-xillik kuni”da Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, biologik xilma-xillik insoniyat uchun beqiyos qadriyat bo‘lishiga tobora ko‘proq e’tibor qaratilayotganiga qaramay, inson faoliyati oqibatida u jadal sur’atlarda kamayishda davom etmoqda. Xususan, butun dunyo bo‘ylab 1 millionga yaqin o‘simlik va hayvon turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida.

“Biologik xilma-xillik – bu hayot asosidir, barqaror rivojlanishning poydevoridir”, dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu kun munosabati bilan qilgan murojaatida.

Ammo uning aytishicha, insoniyat biologik xilma-xillikni chaqmoqdek tezlikda yo‘q qilmoqda. Buning sabablari: atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim inqirozi, ekotizimlarning yemirilishi va qisqa muddatli manfaatlar ta’qibi.

“Biologik xilma-xillikning yo‘qolishi global muammodir va uni hech bir davlat qanchalik boy yoki qudratli bo‘lmasin, yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Shu bilan birga, hech bir mamlakat boy biologik xilma-xilliksiz yashay olmaydi”, deydi Antoniu Guterrish.

U ishlab chiqarish va iste’molga bo‘lgan yondashuvlarni tubdan o‘zgartirishga, shuningdek, Kunming-Monreal global biologik xilma-xillik dasturini to‘liq amalga oshirishga chaqirmoqda.

Ushbu dasturda 2050 yilgacha tabiiy resurslar yo‘qolishini to‘xtatish va bu jarayonni orqaga qaytarishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq inson faoliyati oqibatida 1970 yildan 2020 yilgacha yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi 73 foizga kamaygani xabar qilingandi. Eng og‘ir vaziyat Lotin Amerikasi va Karib havzasida kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda populyatsiya 50 yil ichida 95 foizga kamaygan. Afrikada ham vaziyat murakkab: u yerda yovvoyi hayvonlar soni 76 foizga qisqargan. Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarda qisqarish 60 foizni, Shimoliy Amerikada 39 foizni, Yevropada esa 35 foizni tashkil etgan.