XOTINIMDAN AYLANAY!!!
(hajviya)
Bu dunyoda mening xotinimdan mehribonroq, kuyunchakrog’i yo’q desam ishonavering! Chunki har daqiqada meni o’ylaydi, men haqimda qayg’uradi. Bunga yillar davomida qayta-qayta amin bo’lganman.
Mana, masalan, kunlarning birida shunday voqea sodir bo’ldi. Ko’ylagimning bitta tugmasi uzilib tushibdi. Qarasam, xotinjonim divanda gazeta o’qib yotgan ekan. Tepasiga igna, tugma va ko’ylak bilan kelib dedim:
— Xotinjon, ko’ylagimning tugmasi uzilib ketdi. Qadab bergin!
Bu gapimni eshitib xotinim dast o’rnidan turdi.
— Nima?.. Nega endi men? O’zingiz qadang?
— Axir, sen yaxshi qadaysan-ku!
Xotinim asta yonimga kelib yelkamga bosh qo’ydi.
— To’g’ri, yaxshi qadayman, — dedi muloyimlik bilan. — Ammo qo’limga igna kirib o’lib qolsam-chi? Sizday arslonim bu dunyoda yolg’iz qolib ketadimi? Qiynalib yashaydimi mensiz? Yo’q, sizga bunday baxtsizlikni aslo ravo ko’rolmayman!..
Bu yoqimli so’zlarni eshitib ko’nglim bo’shab ketdi. Ko’zlarimda yosh g’iltillagancha xotinimni mahkam quchoqlab oldim.
— Qanday mehribonsan! — shivirladim yig’i aralash. — Sen bo’lmasang, bu dunyoga sig’mayman!
Yana bir shunga o’xshash hodisa yodimda qolgan. Yaqin do’stlarimdan biri menga brilliant ko’zli bo’yinbog’qistirgich sovg’a qilgandi. Xursand bo’lib uyga olib kelgandim, xotinim darhol qo’limdan tortib oldi.
— Taqmaysiz buni! — dedi u ko’zlari yonib. — Hech qachon ruxsat bermayman buni taqishga!
— Nega, xotinjon? — so’radim bo’shashib. — Qara, chiroyli ekan! Nimasi yomon?
— Men sizni o’ylayapman. Xudo ko’rsatmasin, buni taqvolib katta ko’chada ketayotganingizda beixtiyor turtinib ketsangiz-u, yiqilib, shu savil biror yeringizga sanchilsa! O’lib qolasiz-ku! Men keyin nima qilaman sizsiz?.. Yo’q, yaxshisi-chi, bu matohni zargarga beramiz. Taqinchoqlar yasattiramiz. Taqinchoqlar yaqinda o’zingiz olib bergan ko’k ko’ylagimga juda yarashadi.
Bu gapni eshitib rangim oqarib ketdi.
— Azizam, — dedim zo’rg’a. — Basharti o’sha taqinchoq sening badaningizga kirsa-yu, o’lib qolsang-chi? Unda men nima qilaman?
Xotinim boshini baland ko’targancha javob qildi.
— Siz o’lguncha men o’lay, dadasi! Sizday erim uchun bittamas, mingta jonim bo’lsayam fido qilaman! Baribir keyingi paytlarda tez-tez yo’taladigan bo’p qoldim…
Yana ko’zlarimga yosh qo’ndi. Xotinjonimni mahkam quchoqlagancha xayolan Xudoyimga iltijo qildim.
«Xudoyim, xotinimga rahm qilgin! Uning jonini olmagin!..
U keyinchalik ham menga iltifot, mehr ko’rsatishdan charchamadi. Bir kuni ishdan qaytib yotoqqa kirsam, xotinim ohori ketganroq shlyapani bag’riga bosgan ko’yi kulimsirab o’tiribdi. Hayron bo’ldim.
— Bu nima? — so’radim undan hayratimni yashira olmay.
— Bu sizga sovg’a, — dedi boshimga shlyapani qo’ndirib. — Qarang, juda yarashdi.
— Axir… Bu eskiroq-ku!..
Xotinim aybdorona bosh egdi.
— Nima qilay? Yangisiga pulim yetmadi. Ammo sizga sovg’a olmasam bo’lmasdi…
Shlyapani boshimdan yechib uyoq-buyog’ini aylantirdim. Shu payt «S. S» degan yozuvga ko’zim tushdi.
— Bu nima? — so’radim xotinimdan. — Imzomi?
— Xuddi shunday?
— Men doim «O. O» deb imzo qo’yaman-ku!
Xotinim ayyorona ko’z qisdi.
— Bu mening imzom, — dedi mehribonim. — «Sizni sevaman» degani.
Bu gaplar meni shu qadar to’lqinlantirib yubordiki, xotinimni qanday ko’tarib uyni aylantira ketganimni payqamay qoldim.
Sho’rlik xotinim har kuni menga turli mehribonchiliklar ko’rsatardi.
— Nega pivo ichyapsiz? U semirtiradi, ichmaysiz. Aroq? Yo’q, zahar-ku aroq! Sigaret? Zinhor! Sigaretning bir donasi otni o’ldirishga qodir. Ikki kosa ovqat yeyishingiz nimasi? Oshqozoningiz zo’riqadi-ku!..
Xullas, o’ylab qoldim. Bu yaxshiliklarga qanday arzirli javob qaytaray?
O’ylay-o’ylay, oxiri topdim. Uyimiz yonib ketsin… Yo’q, xotinimga bezori hujum qilsin. Men uni qutqarish uchun bezoriga tashlanay. Bezori meni o’ldirsin… Oyoqlari ostida jon beray.
Shunda boshqa bir xayol miyamni egalladi.
«Sen ahmoqmisan? — dedi u menga. — Sening o’liging kimga kerak? O’larsan, lekin u sendan keyin qashshoqlikda qiynalib o’tadimi? Hayotingni sug’urtala! Keyin o’lsang ham achinmaysan. Xotiningning hayoti shirin o’tadi…»
Bu xayolda jon bor edi. Ertasi kuniyoq hayotimni sug’urtalatdim. Qarang, mehribonim sug’urta qog’ozini qo’limdan olgandanoq yanada kuchliroq mehr ko’rsata ketdi.
Endi menga chekish ham mumkin edi. Spirtli ichimlikning qay turini aytmay, muhayyo qilardi…
Ha, do’stim, bunday xotinning boshidan suv o’girib ichsa arziydi! Agar uylanmagan bo’lsangiz, tez uylaning! Faqat mening xotinimga o’xshaganiga uylaning! Afsuslanmaysiz.
ARKADIY AVERChENKO
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi