Globalizatsiya va urbanizatsiyaning jadallashuvi natijasida dunyo shaharlarining iqtisodiy holati tobora farqlanib bormoqda. Ayniqsa, yirik moliyaviy va diplomatik markazlar hisoblanuvchi shaharlarda yashash xarajatlari keskin yuqori bo‘lib, u yerda ovqatlanish, transport, ijara va sog‘liqni saqlash kabi kundalik ehtiyojlar uchun sarflanadigan mablag‘ boshqa hududlarga nisbatan bir necha baravar ortiq bo‘lishi mumkin.
Bu shaharlar odatda kuchli infratuzilma, barqaror iqtisodiyot, xavfsizlik va yuqori hayot sifati bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, ular chet ellik ishchilar, diplomatlar, investorlar va sayyohlar uchun ham qiziqarli manzil bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur maqolada dunyo miqyosida yashash uchun eng qimmat hisoblangan shaharlar, ularning asosiy xarajat omillari hamda nima uchun ular qimmatga tushishi haqida tahlil qilinadi.
Dunyodagi eng qimmat beshinchi shahar – Bern
1848 yildan buyon Shveysariyaga poytaxtlik qilayotgan Bernda hukumatning muhim ma’muriy binolari joylashgan. Aare daryosi bilan o‘ralgan ushbu go‘zal shahar nafaqat tabiati bilan, balki narxlari bilan ham ko‘pchilik poytaxtlardan ajralib turadi.
Shaharda bir kilogramm mol lahm go‘shti o‘rtacha 500 ming so‘mdan oshadi. Bern markazidagi bitta yotoqxonaga ega ijara uyning oylik to‘lovi 1,5 ming frank, ya’ni 24 million so‘mga yaqin summani tashkil etadi. 85 metr kvadrat maydonli xonadonning kommunal xarajatlari 300 frank, ya’ni 4,5 million so‘mdan yuqori. Agar shaxsiy xonadon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bir metr kvadrat uchun 12 ming frankka yaqin, ya’ni 183 million so‘mdan qimmatroq pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Ammo norozilik bildirishga shoshilmang, aholi daromadi ham shunga yarasha – o‘rtacha ish haqi 5,9 ming frank, ya’ni 88 million so‘mga yaqin.
Dunyodagi eng qimmat to‘rtinchi shahar – Lozanna
Shveysariyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi qismida joylashgan Lozanna nafaqat siyosiy va iqtisodiy markaz, balki madaniy, ilmiy va sport jihatdan ham juda boy shahardir. U Jeneva ko‘li bo‘yida, Alp tog‘lariga yaqin joyda joylashgan. Shahar tog‘lik bo‘lib, go‘zal manzaralari bilan mashhur. Lozanna sayohatchilar uchun faqatgina go‘zal tabiati, tozaligi va sifatli xizmatlari bilan emas, balki qimmat narxlari bilan ham esda qolarlari bo‘lishiga shubha yo‘q.
Masalan, bu shaharda bir kilogramm mol go‘shti narxi 43 frankka yaqin, ya’ni 657 ming so‘m. Shahar markazidagi bitta yotoqxonaga ega ijara uyning oylik to‘lovi 1,5 ming frank, ya’ni 23 million so‘mdan ortiq summani tashkil etadi.
85 metr kvadrat maydonli xonadonning kommunal xarajatlari 263 frank, ya’ni 4 million so‘mdan yuqori. Agar shaxsiy xonadon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bir metr kvadrat uchun 17 ming frankdan ortiq, ya’ni 266 million so‘mdan ko‘proq pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
O‘rtacha daromad topuvchi Lozanna fuqarosi oyiga 6 ming frankdan ko‘proq, ya’ni 93 million so‘mdan yuqori maosh oladi.
Dunyodagi eng qimmat uchinchi shahar – Jeneva
Shveysariyaning g‘arbiy qismida, Fransiya chegarasiga yaqin joylashgan Jeneva dunyodagi eng muhim xalqaro diplomatiya markazlaridan biri hisoblanadi. Masalan, BMTning Yevropa shtab-kvartirasi shu yerda. Bundan tashqari, Qizil xoch jamiyati bosh qarorgohi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’muriyati shular jumlasidan. Aynan shuning uchun ham Jeneva ko‘pincha “Tinchlik poytaxti” deb ataladi. Alp tog‘lari bag‘ridagi mazkur shahar aholisining teng yarmi xorijliklardir.
U yerda bir kilogramm mol go‘shti narxi 42 frank, ya’ni 657 ming so‘m. Shahar markazidagi bitta yotoqxonaga ega ijara uy uchun odatda boshqa qimmat shaharlar kabi 1,5 ming frank atrofida oylik to‘lov amalga oshiriladi.
85 metr kvadrat maydonli xonadonning kommunal xarajatlari 211 frank, ya’ni 3 million 200 ming so‘mni tashkil etadi. Agar shaxsiy xonadon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bir metr kvadrat uchun 17 ming frankdan ortiq pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Jenevaliklarning o‘rtacha oylik maoshi 6,5 ming frankdan ko‘proq, ya’ni 100 million so‘mga yaqin bo‘lib, qulay hayot kechirish uchun yetarli darajada.
Dunyodagi eng qimmat ikkinchi shahar – Bazel
Shveysariyaning ikkinchi o‘rindagi eng qimmat shahri Bazel mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, aholi soni bo‘yicha mamlakatda uchinchi yirik shahardir. Bazel Fransiya va Germaniya bilan chegaradosh bo‘lib, uch davlat chorrahasida joylashgani sababli muhim transport va madaniy markaz hisoblanadi. Ushbu shahar Yevropaning farmatsevtika va biotexnologiya markazi bo‘lib, unda ko‘pgina mashhur xalqaro kompaniyalarning bosh ofislari joylashgan. Bazel ilm-fan va tadqiqotlar sohasida ham yetakchi va u yerda bir nechta yirik universitetlar mavjud.
Shaharda bir kilogramm mol go‘shti o‘rtacha 548 ming so‘mdan oshadi. Bazel markazidagi bitta yotoqxonaga ega ijara uyning oylik to‘lovi 1,6 frank, ya’ni 25 million so‘mni tashkil etadi. 85 metr kvadrat maydonli xonadonning kommunal xarajatlari 246 frank, ya’ni 3,7 million so‘mdan yuqori. Agar shaxsiy xonadon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bir metr kvadrat uchun 12,6 ming frankka yaqin, ya’ni 193 million so‘mga yaqin pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Ammo norozilik bildirishga shoshilmang, aholi daromadi ham shunga yarasha – o‘rtacha ish haqi 6,4 ming frank, ya’ni 99 million so‘mga yaqin.
Dunyodagi eng qimmat shahar – Syurix
2025 yilning iyun holatiga ko‘ra, dunyodagi eng qimmat shahar bo‘lib turgan Syurix Shveysariyaning eng yirik moliyaviy va iqtisodiy markazi bo‘lib, o‘zining yuqori hayot sifati bilan tanilgan, ammo narxlar ham shunga yarasha. Daromadi ham xarajati ham yuqori Syurixda yashash qimmatligining bir qancha sabablari mavjud.
Shaharda bir kilogramm mol go‘shti o‘zbek so‘mida o‘rtacha 620 mingdan oshadi. Syurix markazidagi bitta yotoqxonaga ega ijara uyning oylik to‘lovi 2,2 ming frank, ya’ni 34 million so‘mni tashkil etadi. 85 metr kvadrat maydonli xonadonning kommunal xarajatlari 207 frank, ya’ni 3,1 million so‘mdan yuqori. Agar shaxsiy xonadon sotib olmoqchi bo‘lsangiz, bir metr kvadrat uchun 19,5 ming frank, ya’ni 300 million so‘mga yaqin pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Syurix shahrida nafaqat narxlar, balki daromad ham yuqori – o‘rtacha ish haqi 6,3 ming frank, ya’ni 97 million so‘mga yaqin bo‘lib, baland narxlarga qaramay, yuqori qulaylikdagi hayot kechirishdan tashqari shaxsiy jamg‘arma uchun ham yetarli.
Ta’kidlash kerakki, Syurix yangi boshlovchilar uchun emas. Ish topib, tajriba orttirib hayotni bir maromiga keltirmasdan oilaviy ko‘chib o‘tish yaramaydi.
Dunyoning eng qimmat shaharlari ro‘yxatini tahlil qilar ekanmiz, yashash xarajatlarining ortishi turli omillar bilan bog‘liq ekani ayon bo‘ladi. Bular orasida mahalliy valyutaning barqarorligi, yuqori daromad darajasi, soliqlar, kuchli infratuzilma, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash tizimi va ekologik tozalikka qaratilgan talablar muhim rol o‘ynaydi.
Ayniqsa, Shveysariya bu borada ajralib turadi. So‘nggi yillarda e’lon qilingan ko‘plab xalqaro reytinglar bo‘yicha dunyodagi eng qimmat 5 ta shaharning barchasi aynan ushbu davlatda joylashgan. Biz yuqorida tanishgan Syurix, Jeneva, Bazel, Bern va Lozanna shaharlari shular jumlasidan. Yashash xarajatlarining yuqoriligi, bir tomondan, bu shaharlar taqdim etayotgan imkoniyatlar va xizmatlar darajasi bilan o‘zini oqlaydi. Ammo, ayni vaqtda, bu joylarda yashash istaganlar uchun moliyaviy tayyorgarlik va aniq reja muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday qilib, eng qimmat shaharlar nafaqat hayot darajasining yuqoriligini, balki yuqori mas’uliyat va xarajat talab qiladigan muhitni ham aks ettiradi.