image0

3 asr muqaddam Britaniya qirolligi dengiz floti Ispaniya “toji”ga dahshatli zarba bergan – Karib dengizi tubiga oltin, kumush va zumradlarga to‘la harbiy kema cho‘ktirilgan. Tadqiqotchilar uning so‘nggi manzili haqida eng aniq dalillar topilganini da’vo qilmoqda. Bu haqda “The Times” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1707 yil oxirlarida bir guruh perulik savdogarlar va rasmiylar Ispaniya g‘aznasiga yuborilishi kerak bo‘lgan xazina bilan Panamaning shimoliy sohilidagi Portobeloga yo‘l olgan. U yerda ular Ispaniyaning “Tierra Firme” flotiga qo‘shilgan. Bu flot Janubiy Amerika va Iberiya yarimoroli o‘rtasida qirollik boyliklarini tashish bo‘yicha monopol huquqqa ega bo‘lgan va San-Xose nomli kema borti tomonidan boshqarilgan.

Portobelodan suzib chiqqanidan so‘ng galeon va uning hamrohlari britaniyalik admiral Charlz Ueyger boshchiligidagi eskadra tomonidan hujumga uchragan. Britaniya qurollaridan berilgan zarbalar San-Xose korpusini yorib yuborgan va kuchli portlash sodir bo‘lib, kema dengiz tubiga g‘arq bo‘lgan.

2015 yilda Kolumbiya harbiy-dengiz kuchlari o‘sha galeon bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qoldiqni aniqlagan. Ammo uning aynan San-Xose ekani hali rasmiy tarzda tasdiqlanmagan.

Yangi tadqiqotda cho‘kkan kemaning xazinasini chuqur tahlil qilish uchun ilg‘or suvosti texnologiyalaridan foydalanilgan. Masofadan boshqariladigan suvosti qurilmasi yordamida olimlar kemaning orqa qismida sochilib yotgan tangalarning yuqori aniqlikdagi suratlarini olgan.

Tangalarning batafsil 3D rekonstruksiyasi ularning qo‘lda zarb qilinganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ular Kastiliya va Leonning gerblarini hamda 1707 yilgi zarb sanasini aniq aks ettirmoqda. Tafsilotlar bu tangalar Perudan kelganini anglatadi. Bundan tashqari, Kangxi davriga (1662-1722) mansub Xitoy chinni buyumlari hamda 1665 yilga oid yozuvlar bor qurollar ham bu kemaning XVIII asr boshlarida cho‘kkanini ko‘rsatadi.

3 asr oldin Karib dengizi tubiga cho‘kkan afsonaviy xazina topildi – OAV1

“Ushbu dalillar to‘plami San-Xose galeoni ekanini tasdiqlaydi. 1707 yilda Lima zarbxonasida tayyorlangan tangalarning topilishi kemaning XVIII asr boshlarida “Tierra Firme” yo‘nalishida harakatlanganiga ishora qiladi. Ushbu tavsifga mos keladigan yagona kema – bu San-Xose galeonidir”, deydi Kolumbiya Harbiy-dengiz kadrlar maktabi va Antropologiya hamda Tarix milliy institutining yetakchi tadqiqotchisi Vargas Arisa.

3 asr oldin Karib dengizi tubiga cho‘kkan afsonaviy xazina topildi – OAV2

Lima shahrida zarb qilingan bu tangalar Peru bo‘ylab yig‘ilgan ulkan qirollik xazinasining bir qismi bo‘lgan. Bu xazina And tog‘laridan olingan oltin, kumush, zumradlar, Panamadan olingan marvaridlar va ehtimol, olmoslarni ham o‘z ichiga olgan. Bularning bari Ispaniyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan, biroq Britaniya hujumi bunga yo‘l qo‘ymagan.

San-Xose kemasining yuklari Ispaniyaning Britaniya, Avstriya va Niderlandiya qarshisidagi mudofaasini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan. Biroq bu yuk afsonaviy “arvohga” aylangan, asrlar davomida mish-mishlar, taxminlar va xususiy mulk huquqlari ustidagi xalqaro huquqiy tortishuvlarga sabab bo‘lgan.

Kema topilganiga o‘n yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Kolumbiya hukumati hozirgacha uning yuklarini olib chiqishni rad etib kelmoqda.

“Antiquity” jurnalida chop etilgan maqolada Vargac Arisa va uning hamkasblari arxeologik tahlil endi boshlanayotganini aytadi.

“Bu topilma suvosti arxeologik hududni o‘rganish va mustamlaka davridagi dengiz savdosi hamda yo‘nalishlarini chuqurroq anglash uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Bu uzoq muddatli loyiha uchun faqat birinchi qadamdir. Dastlabki bosqichda hech qanday ob’ektni olib chiqish yoki qazish rejalashtirilmagan, faqat butun maydon to‘liq tavsiflanmaguncha kuzatuvlar olib boriladi”, deb yozadi ular.

Agar xazina tasdiqlansa va suv yuzasiga chiqarilsa, huquqiy kurash muqarrar bo‘ladi. Ham Kolumbiya, ham Ispaniya San-Xose kemasi va uning yukiga da’vo qilmoqda, mahalliy xalqlar esa xazina ularning ajdodlari tomonidan qazib olingani bois kompensatsiya olish huquqiga egaligini da’vo qiladi.

Amerikaning Sea Search Armada qutqaruv kompaniyasi ham ulushga da’vogar bo‘lib, kema qoldig‘ini aynan ular aniqlagani va Kolumbiya hukumatiga bu haqda xabar bergani evaziga xazinadan yarmi ularga tegishiga kelishilganini iddao qilmoqda.

Galeon cho‘kkan vaqtda unga 200 tonnagacha oltin, kumush va ishlov berilmagan qimmatbaho toshlar yuklangan bo‘lgan. Zamonaviy baholashga ko‘ra, bu xazinaning qiymati 17 milliard dollargacha yetishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, galeon – XV-XVIII asrlarda Ispaniya va Portugaliyada keng foydalanilgan katta, ko‘p palubali, parusli harbiy va savdo kemasi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva poytaxti Vilnyus soborining yerosti xonalaridan o‘nlab yillar davomida yashirinib yotgan tarixiy xazinalar, jumladan, o‘rta asrlarda yashagan Yevropa hukmdorlariga tegishli tojlar va boshqa ramziy buyumlar topilgandi.