image0

O‘z bo‘yining kaltaligidan norozi bo‘lgan odamlar ko‘proq hasad, rashk va raqobatchilikka moyil bo‘ladi, ayniqsa o‘z jinsidagilarga nisbatan. Bu xulosaga G‘arbiy Sidney universiteti psixologlari keldi. Ularning tadqiqoti natijalari “Evolutionary Behavioral Sciences” (EBS) jurnalida e’lon qilindi.

Eksperimentda AQSHning 302 nafar katta yoshli fuqarosi qatnashgan. Ishtirokchilarning aniq bo‘yi o‘lchangan va o‘z bo‘yidan qanchalik norozi ekani baholangan. Keyin bu ma’lumotlar ulardagi hasad, rashk va raqobatchilikni baholash testlari natijalari bilan solishtirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘z bo‘yi va xohlagan bo‘yi o‘rtasidagi yirik farqni kuchli his qiladiganlar eng ko‘p raqobatga moyillikni namoyon qilgan. Bu bog‘liqlik ayniqsa erkaklar orasida yaqqol ko‘ringan: o‘z bo‘yidan norozi bo‘lgan erkaklar ko‘proq muvaffaqiyatli tengdoshlariga nisbatan g‘azab va kelishgan raqiblarga nisbatan hasad his qilishar ekan. Ayol qatnashchilar ham yuqori darajada hasadchanlikni namoyon qilgan, ammo ularning raqobatbardoshligi o‘zlarining ustun bo‘lish istagi bilan kuchliroq bog‘liq bo‘lgan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, hasad va rashkka moyillik insonning ob’ektiv jismoniy ko‘rsatkichlari bilan emas, balki o‘zini sub’ektiv yomon qabul qilishi bilan bog‘liq. Ularga ko‘ra, odamlar tashqi ko‘rinishining madaniy me’yorlarga mos kelishiga urinishi xavotirni kuchaytiradi va bu ishda, shaxsiy munosabatlarda hamda kundalik hayotda insonning o‘zini tutishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Nara tibbiyot universiteti professori Hiromi Sakai boshchiligidagi olimlar guruhi yangi turdagi, istalgan guruhdagi bemorlarga quyilishi mumkin bo‘lgan sun’iy qon ishlab chiqqandi.