O’ziga xos geografiya va iqlimga ega bo’lgan Turkiyaning rivojlangan turizm sohasida tog’-plato turizmi ham alohida o’ringa ega.
Tog’ turizmi xush havosi, billurdek toza suvlari, yozning eng issiq kunlarida ham tetiklashtiruvchi salqinligi, ajoyib tabiat manzaralari, yovvoyi hayvonlari va o’simliklari bilan ko’plab insonlarni o’ziga maftun qiladi.
Turkiyadagi son-sanoqsiz tog’ platolari (yaylovlari) esa tabiatni sevuvchi mahalliy va xorijlik sayyohlarni har doim o’ziga chorlayveradi.
Baland tog’-bag’irlarida dam olishni istagan sayohatchilar esa yaylovlarni eslatuvchi yam-yashil tabiat qo’ynidagi platolarda tabiat go’zalliklaridan bahramand bo’lishlari mumkin.
Ko’pgina tashrif buyuruvchilar ushbu tabiiy landshaftlarda vaqt o’tkazish va mahalliy an’analardan bahramand bo’lish orqali sayohatlarini yanada maroqli qiladi.
Turkiyaning ajoyib tog’-platolari o’zining piyoda yurish yo’laklari, piknik va lager yo’nalishlari bilan sayyohlarga dam olish uchun bir qator qiziqarli imkoniyatlarni taklif etadi.
Sayohatchilar baland tog’lardagi chodir uylar va lagerlarda yashab, bu hududning salqin tabiati, mahalliy aholining turmush tarzi va mehmondo’st Turk xalqining rang-barang oshxonasidan ham bahramand bo’ladi.
O’rta yer dengizi mintaqasida tog’ turizmi
Turkiyaning O’rta yer dengizi mintaqasi uzoq vaqtdan beri sayyohlar orasida o’zining qumloq sohillari va moviy dengiz suvlari bilan mashhur bo’lib kelgan.
Bu mintaqa shuningdek ko’plab baland tog’lari va yam-yashil platolari bilan ham sayyohlarning sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi.
Yam-yashil platolar Toros tog’lari yonbag’irlari bo’ylab dengizga parallel ravishda joylashgan bo’lib, O’rta yer dengizi tog’lari esa yozning jaziramasidan qochish uchun eng qulay va sevimli dam olish maskan sanaladi.
Tog’ platolari sayohatchilarga betakror tabiatni his qilish va mahalliy hayot tarzi va an’analariga guvoh bo’lish uchun katta imkon hisoblanadi.
Quyida e’tiboringizga O’rta yer dengizi mintaqasidagi ba’zi dam olish platolari haqida ma’lumotlar taqdim etamiz.
Antaliya
Finike-Ordubek platosi 1100 metr balandlikda joylashgan bo’lib, u yerga o’rmon va tog’ yo’lini bosib o’tish orqali yetib olish mumkin. Plato turli o’simliklarga boy hisoblanadi. Antaliyaning shimolida 800-1000 metr balandlikda joylashgan Serik-Nanali va Ovajik platolariga ham asfalt va tuproq yo’llarni bosib o’tish orqali borish mumkin.
Antaliya viloyati, shuningdek, Beshkonak, Selvenin Gorde, Derekoy, Do’nme, Ucholuk, Pisar va Ibradi platolarini o’z ichiga oladi.
Mazkur tog’ platolari sayyohlar uchun kerakli mehmonxonalarga va boshqa qulayliklarga ega emas. Lekin, u yerga sayohat qilganlar esda qoladigan ajoyib tabiat manzarasi bilan tanishishlari mumkin.
Mersin
Go’zne platosi Mersin viloyati markazidan 28 km uzoqlikda joylashgan bo’lib, platoda turistlar uchun elektr, suv, do’kon, yashash uchun xonalar va poliklinika mavjud.
Xuddi shu turistik infratuzilma ob’yektlari Mersin shahridan 50 km uzoqlikda joylashgan Mehrijon platosida ham mavjud.
Mersindan 50 km uzoqlikda, Koniyaga boradigan yo’lda, 1500 m balandlikda Mut-Sertavul platosi joylashgan.
Mintaqada, 1300 m balandlikda Namrun — Sebil platosi ham bo’lib, platoda elektr, suv, do’konlar va yashash joylari mavjud.
Mersin mintaqasida joylashgan Tarsus-Go’lek, Mut-Kozlar, Mersin-Ayvagedigi, Mersin-Bekiralani, Kash, Abanoz va Akpinar platolari ham har yili ko’plab sayyohlar tashrif buyuradigan joylar sifatida aytib o’tish mumkin.
Adana
Adana mintaqasida Kozan-Horzum, Pozanti — Tekir, Pozanti — Armutolug’u, Aladag’, Ag’sakise, Bashpinar, Biji, Kosurga, Karaisali-Kыzыldag’, Feke — Inderesi, Tufanbeyli — Kurebeli, Saimbeyli — Chatak kabi 300 ga yaqin plato bo’lib, ular har yili minglab mahalliy va xorijlik sayyohlarni o’ziga jalb qiladi.