2023 yilda dunyo bo‘ylab 3,7 ming tonnadan ortiq kokain ishlab chiqarildi va tarixdagi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Ushbu raqam 2022 yilga (2,45 ming tonna) nisbatan 34 foizga ko‘p. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘yicha rekord darajada – 2 275 tonna kokain musodara qilingan, bu 2019-2023 yillar orasidagi ko‘rsatkichlarga qaraganda 68 foiz ko‘proq. Kokain iste’molchilari soni 2013 yilda 17 million bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 25 million kishiga yetgan.
Shuningdek, hisobotda aytilishicha, kokainni aholi jon boshiga eng ko‘p iste’mol qiluvchi hududlar Avstraliya va Yangi Zelandiya hisoblanadi. 2023 yilda mazkur ikki mamlakatda 15 dan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining taxminan 3 foizi kokain iste’mol qilgan. Bu ko‘rsatkich Amerikadagi darajadan deyarli ikki barobar, Yevropadagidan esa uch barobarga yaqin yuqori. Ammo mutlaq raqamlarda eng ko‘p iste’molchilar AQSHda.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda eng ko‘p tarqalgan giyohvand modda – bu kannabis (marixuana) bo‘lib, uni 244 million kishi iste’mol qiladi. Keyingi o‘rinlarda opioidlar (61 mln), amfetaminlar (30,7 mln), kokain (25 mln) va ekstazi (21 mln) turibdi.
Umuman olganda, 2023 yilda Yer yuzidagi 15-64 yoshdagi aholining 6 foizi (316 million kishi) giyohvand moddalar iste’mol qilgan. 2013 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 foiz bo‘lgan.
Hisobotga ko‘ra, 2023 yilda giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarga ega har 12 kishidan atigi bittasi zarur tibbiy yordam olgan.