Sobiq kvartira o’g’rilari yaqinda ismi-sharifini oshkor etmaslik sharti bilan o’g’ridan qanday saqlanish haqida qiziqarli va foydali maslahatlar berdi…

Ma’lumki, hozirgi davrda kimsasiz uyga kirib bor-budini olib chiqib ketadigan o’g’rilar ko’payib ketgan. Ulardan saqlanish uchun ko’p marotaba harakat qilasiz, ammo foydasi bo’lmaydi. Shuni hisobga olib jurnalistlardan biri ikki nafar sobiq kvartira o’g’risidan foydali maslahatlar oldi. Demak, o’g’rilarning o’zi ulardan qanday saqlanish haqida jami 10 ta foydali maslahat beradi.

1. Biror yoqqa jo’nashdan oldin shaxsingizni tasdiqlovchi barcha hujjatlarni o’zingiz bilan olib ketishni unutmang. Aks holda ular o’g’rining qo’liga tushsa, sizning nomingizdan firibgarlik jinoyatini sodir etishi ham hech gap emas.

2. Zamonaviy signalizatsiyaga it hurishini yozdirib qo’ying. O’g’rilar kvartira, hovlida it bo’lsa, baribir qo’rqadi.

3. Uy eshik, darvozalariga inglizlarning murakkab qulfidan o’rnating. Qulf bir-ikki urinishda ochilmasa, o’g’ri uzoq vaqt ter to’kishdan ko’ra ortga qaytib ketishni afzal biladi.

4. Internet saytlarida o’zingiz, uyingiz haqidagi ma’lumotlarni tanishlar, do’stlar bilan o’rtoqlashmang.

5. Imkoniyatingiz ko’tarsa, qorovul yollang. Chunki o’g’rilar o’g’irlikka kirishdan oldin bir necha kun bu kvartira yoki hovlini yaqin masofadan kuzatadi. Odam tovushi quloqqa chalinsa, hayotda ichkariga kirmaydi.

6. Signalizatsiya o’rnating. O’g’rilar uyga signalizatsiya o’rnatilganidan xabar topsa, bu uyga hayotda yaqinlashmaydi. Sababi, signalizatsiya militsiya bo’limi bilan bog’langanini yaxshi bilishadi.

7. Moddiy imkoniyatdan kelib chiqib uyga kuzatuv kamerasi o’rnating. Uning ishlashi shart emas. O’g’rilar ko’ziga ko’rinsa bas. Albatta ularni qo’rqita oladi.

8. Ketishdan oldin uy kalitlarining biri qaerdadir qolib ketmayotganiga amin bo’ling. Kalit o’g’ri uchun svetoforning yashil chirog’iday gap.

9. Yoritish moslamasini o’rnating. O’g’ri yorug’lik ostida jinoyat sodir etishni yoqtirmaydi. Hayotini xavf ostiga qo’ymaslikni afzal ko’radi.

10. Derazalar, devor, darvozalarga o’g’rining sirpanib ketishini ta’minlay oladigan moy surib chiqing.

Barchamizni o’g’rilardek go’rso’xtalardan xudoning o’zi asrasin!