image0

Har soatda taxminan 100 kishi yolg‘izlik bilan bog‘liq sabablardan vafot etadi. Bu yiliga 871 mingdan ortiq o‘lim demak. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) tayanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.  

“Bugungi kunda cheksiz muloqot imkoniyatlariga qaramay, tobora ko‘proq insonlar ijtimoiy ajralganlik va yolg‘izlikka duch kelmoqda. Yolg‘izlik inson, oila va jamiyat uchun halokatlidir. Agar biz bu holatga qarshi harakat qilmasak, bu sog‘liqni saqlash, ta’lim va bandlik sohalaridagi xarajatlarning ortishiga olib kelib, jamiyatga milliardlab zarar yetkazishda davom etadi”, deydi JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

Yolg‘izlik har qanday yoshdagi insonlarga ta’sir qilishi mumkin, biroq ayniqsa yoshlar va past yoki o‘rtacha daromadga ega mamlakatlar aholisi orasida keng tarqalgan.

13 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlarning 17-21 foizi doimiy yolg‘izlikni his qilayotganini tan oladi, bu ayniqsa o‘smirlar orasida yuqori ko‘rsatkichdir. Past daromadli davlatlarda respondentlarning 24 foizi o‘zlarini yolg‘iz deb hisoblaydi, bu yuqori daromadli mamlakatlardagidan (11 foiz atrofida) ikki baravar ko‘p.

Yolg‘izlik va ijtimoiy ajralganlikning sabablari turlicha bo‘lib, ular sog‘liq muammolari, daromad va ta’lim darajasining pastligi, yakka yashash, ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanmagani va davlat siyosatidagi kamchiliklar, shuningdek raqamli muhit bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hisobot mualliflari raqamli qurilmalardan uzoq muddatli foydalanish va onlayn muloqotning salbiy shakllari yoshlarga ruhiy salomatlik nuqtai nazaridan zarar yetkazishini alohida ta’kidlaydi.

Ijtimoiy aloqalar butun umrlik salomatlik uchun foydali: ular yallig‘lanish reaksiyalarini kamaytiradi, og‘ir kasalliklar xavfini pasaytiradi, ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlaydi va erta o‘lim ehtimolini pasaytiradi.

Boshqa tomondan yolg‘izlik va ijtimoiy ajralganlik insult, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, kognitiv buzilishlar va erta o‘lim xavfini oshiradi. Yolg‘iz insonlar depressiyaga ikki baravar ko‘proq duchor bo‘ladi. Bu holat xavotirli buzilishlarga, o‘ziga zarar yetkazishga yoki o‘z joniga qasd qilish holatlarining ko‘payishiga olib keladi.

Bundan tashqari, yolg‘izlik ta’lim va bandlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yolg‘izlikdan aziyat chekayotgan o‘smirlarning o‘qishida muvaffaqiyatsizlik 22 foizga yuqori. Kattalar esa ish topish va uni saqlab qolishda qiyinchiliklarga duch keladi, ularning daromadi esa vaqt o‘tishi bilan kamayadi.

Jamiyat darajasida esa yolg‘izlik ijtimoiy birlikni zaiflashtiradi, mehnat unumdorligining pasayishi va sog‘liqni saqlash xarajatlarining oshishi orqali milliardlab iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi. Ijtimoiy aloqalari mustahkam bo‘lgan jamiyatlar odatda xavfsizlik, sog‘liq va tabiiy ofatlarga bardoshlilik bo‘yicha yuqori natijalarga erishadi.

JSST barcha davlatlar, hamjamiyatlar va fuqarolarni ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashni jamoat salomatligining eng muhim vazifasi sifatida tan olishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya poytaxti Seul shahri hokimiyati yolg‘izlik bilan kurash uchun 451,3 milliard von (deyarli 327 million dollar) ajratilishini e’lon qilgandi.