Italiyaning Bvlgari brendi aktrisa va prodyuser sifatida faoliyat yuritadigan Priyanka Chopra Jonasni o’zining yangi vakili deb e’lon qildi. Bu haqda Elle nashri xabar beradi. Yulduz global elchi sifatida ayollar huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirishga e’tibor bergan holda brendning jahondagi pozitsiyasini qo’llab-quvvatlashni rejalashtirgan.
Ko’plab mukofotlarning laureati hisoblangan Priyankaning arsenalida 60 dan ortiq xalqaro va Gollivud filmlari bor. Muxlislar uni yaqin orada «Matritsa 4» (2021 yil dekabr), «Siz uchun matn» (2022 yil fevral) filmlarida, shuningdek, «Qo’rg’on» (2022 yilning so’ngida) serialida ko’rishi mumkin.
Chopra Jonas shu bilan birga YuNISEFning ko’ngilli elchisi va Denni Key mukofotining laureati, Global Citizen’ning bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qizlarning ta’limiga ko’maklashish bo’yicha bir qator tadbirlarda ishtirok etadigan elchisi sanaladi.
Aktrisa ona Hindistonida COVID-19’ning ikkinchi to’lqini avj olganda tibbiy muassasalar, zarur asbob-uskunalar va emlashni qo’llab-quvvatlash uchun «Give India» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda mablag’ to’plagan. Jamg’armaga ikki haftadan kamroq vaqt ichida maqsad qilib mo’ljallangan 1 million dollar kelib tushgan va jami summa 3 million dollarga ko’tarilgan.
Bvlgari ham Hindistondagi COVID-19 virusi bilan bog’liq vaziyatni yengillashtirishga yordam berish uchun xayriya qilganini e’lon qilgan.
«Bvlgari’ning muhtasham san’at namunalari meni hamisha o’ziga maftun va shaydo qilgan. Ularning aksariyati vatanimning qimmatbaho boyliklari dovrug’ini olamga yoyadi. Biz Bvlgari’ning ijod namunalarida ishlatiladigan kam uchraydigan rang-barang qimmatbaho toshlardan tortib, atirlarning asosiy tarkibiy qismiga aylangan muattar gullar bilan Hindistonga bo’lgan sevgimiz va undagi go’zallikni birlashtiramiz», — degan Chopra xonim.
Shuningdek, u o’zining yuksak ijtimoiy mas’uliyatini anglaydigan brendlar bilan hamkorlik qilishga urinishini qo’shimcha qilgan. «Bvlgari butun dunyodagi muhtoj bolalarni qo’llab-quvvatlashga katta hissa qo’shgan va men ushbu loyihalarni davom ettirish uchun birgalikda ishlashni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», — deb ta’kidlagan Priyanka. Avvalroq aktrisaning Max Factor brendining xalqaro ambassadori bo’lgani haqida xabar berilgandi.