image0

Kim uchundir qo‘lyozmaga qahva to‘kilib ketishi, qattiq diskning ishdan chiqishi yoki avtobusga ulgurmaslik rostakamiga omadsizlikdek tuyulishi mumkin. Ammo bugungi maqolada keltirilgan shaxslar va ularning boshdan kechirganlari bilan tanishsangiz, dunyoda haqiqatan ham aql bovar qilmaydigan darajada omadsiz insonlar borligiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Quyidagi g‘ayrioddiy baxtsiz hodisa va tasodiflar nafaqat kutilmagan, balki biroz kulgili ham.

Freyn Selak – yetti marta o‘lim bilan yuzlashgan odam

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar1

Agar internet qidiruv tizimlariga “dunyodagi eng omadli odam” yoki aksincha “eng omadsiz odam” kalit so‘zlarini kiritsangiz, har ikki so‘rovda ham bir shaxs – Freyn Selak paydo bo‘ladi. Ha, hayoti davomida Freynga yetti marta o‘lim chang solgani uchun – u eng omadsiz odam. Pirovardida, barcha xavfdan omon qolgani uchun esa eng omadli odam ham hisoblanadi. Freyn Selak boshidan quyidagi baxtsiz hodisalarni o‘tkazgan:

1. 1962 yilda poyezd halokati. Freyn o‘tirgan poyezd qorli daradan o‘tayotgan vaqtda relsdan chiqib ketib, daryoga qulagan. Oqibatda, 17 kishi halok bo‘lgan. Freyn esa singan qo‘l va sovuq urish (gipotermiya) bilan omon qolgan.

2. 1963 yilda samolyot portlashi. Oradan bir yil o‘tib, u uchayotgan shaharlararo samolyotda texnik nosozlik tufayli eshik ochilib ketib, Freyn samolyotdan uchib chiqib ketgan. Samolyot qulab tushib, 19 kishi halok bo‘lgan. Freyn esa mo‘’jizaviy tarzda bir to‘qaydagi somon uyumiga tushib, hushsiz holatda topilgan.

3. 1966 yilda avtobus halokati. Bu safargi baxtsiz hodisada ham u yo‘lda ketayotgan edi, faqat bu gal avtobusda. Freyn o‘tirgan avtobus to‘satdan yo‘ldan chiqib, daryoga tushib ketgan. To‘rt yo‘lovchi cho‘kib ketgan, lekin Freyn yengil jarohatlar bilan yana omon qolgan.

4. 1970 yilda avtomobil portlashi. Jamoat transportlaridagi avariyalardan charchagan Freyn shaxsiy avtomashinasida ham o‘limga yuzlashgan. U haydab ketayotgan mashina to‘satdan olovga burkanadi, qahramonimiz qochishga ulguradi, oradan ko‘p o‘tmay, benzin bak portlaydi.

5. 1973 yilda ikkinchi avtomobil yong‘ini. Oradan uch yil o‘tib, Freynning navbatdagi mashinasida yoqilg‘i nasosidagi nosozlik sababli qizigan yog‘ mashina ichiga purkaladi va u yonib ketadi. Freyn bu safar ham omon qoladi, faqat boshidagi sochlari kuyadi.

6. 1995 yilda avtobus urishi. Ko‘p marta transportda avariya bo‘lgan Freyn piyoda yurganida ham “tinchimadi”. Ko‘chada piyoda ketayotgan 66 yoshli Freynni avtobus urib yuboradi. Shunga qaramay, u faqat yengil jarohatlar bilan qutuladi.

7. 1996 yilda mashinaning qoyalikdan qulashi. Bu xuddi kinolardagidek voqea bo‘lgan. Freyn tog‘li yo‘lda mashina haydab ketayotganida yuk mashinasini quvib o‘tishga harakat qilib, boshqaruvni yo‘qotadi. Mashina yo‘l chetidagi to‘siqdan o‘tib, 90 metr balandlikdan qulaydi. Ammo Freyn xavfsizlik kamarini taqmagani sababli, mashinadan otilib chiqadi va mo‘’jizaviy tarzda bir daraxtga osilib qoladi.

Genri Zigland. Unga otilgan o‘q 20 yil o‘tgach, tegdi

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar2

Genri Zigland – texaslik yana bir dunyodagi eng omadsiz odam. U bir qizni aldab ketadi, qizning akasi qasos olishga qaror qiladi va Ziglandning fermasiga borib, unga o‘q uzadi. Ammo o‘q unga emas, daraxtga sanchiladi. O‘sha paytda Ziglandning omadi kelgandi, lekin keyinchalik…

Oradan 20 yil o‘tib, Genri o‘sha daraxtdagi o‘qni topib oladi va uni portlatishga qaror qiladi. U portlovchi moddani daraxtda qoldirib, o‘t qo‘yadi. Biroq, portlash vaqtida o‘q daraxtdan chiqib, Genrining boshiga tegadi va uni o‘ldiradi. Shunday qilib, bu o‘q o‘zi atalgan insonni topadi.

Melani Martines – 5 marta uyini dovul vayron qilgan ayol

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar3

Amerikalik Melani Martinesni yetarlicha omadsiz ayol desa bo‘ladi. Gap shundaki, 50 yil Luizianada yashab, maktab avtobusi haydovchisi bo‘lib ishlagan bu ayol shtatdagi ob-havo injiqliklari tufayli besh marta uyidan ayrilgan, to‘g‘rirog‘i, dovullar uning uyini vayron qilgan. Shunday qilib, Melani dovullar tufayli eng ko‘p uyidan ayrilgan inson sifatida g‘aroyib rekord o‘rnatgan.

Jeyms Xauells – 800 million dollarlik bitkoinni chiqindiga tashlab yuborgan erkak

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar4

Tasavvur qiling, 8 000 bitkoin sotib olasiz, lekin u saqlangan qattiq diskni adashib chiqindiga tashlab yuborasiz… Aynan shunday voqea Jeyms Xauells bilan sodir bo‘lgan. U hozirda Nyuport shahri ma’murlaridan poligonni kovlab, o‘z diskini topishga ruxsat so‘ramoqda. Ammo uning iltimoslari rad etilgan.

Bugungi kunda bu bitkoinlar qiymati 800 million dollardan oshgan. U boy bo‘lishi mumkin edi, ammo omadsizlikka yo‘liqdi.

Roy Sallivan – yetti marta chaqmoq urgan odam

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar5

Yashin urgan odamni uchratganmisiz? Faqat bir marta emas, balki yetti marta! Roy Sallivan ismli erkakni 1969 yildan 1973 yilgacha bo‘lgan vaqt mobaynida naqd yetti marta yashin urgan. Statistikaga ko‘ra, odamni yashin urish ehtimoli yarim milliondan birga teng. Endi o‘ylab ko‘ring, bir odamni yetti marta chaqmoq urishi uchun u qanchalik omadsiz bo‘lishi kerak?

U Ginnesning Rekordlar kitobiga eng ko‘p yashin urishidan omon qolgan inson sifatida kiritilgan.

Shunga o‘xshash holat Uolter Sammerford ismli kishining boshidan ham o‘tgan. Uni to‘rt marta yashin urgan. Faqat to‘rtinchi martasida chaqmoq uning qabriga tushgan! Hatto vafotidan keyin ham omadsizlik uni tark etmagan, desa bo‘ladi.

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar6

Ronald Ueyn – Apple’dagi ulushini suv tekinga sotgan muassis

Stiv Jobs va Stiven Voznyak Apple asoschilari sifatida mashhur bo‘lsa-da, uchinchi hammuassis – birinchi logotipni loyihalagan va texnik maslahatlar bergan Ronald Ueyn unchalik tanilmagan.

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar7

Ammo u Apple kompaniyasiga qo‘shilganidan atigi 12 kun o‘tib, o‘zining 10% ulushini atigi 800 dollar evaziga sotib yuborgan. 2017 yildagi intervyusida bu qaroridan afsuslanmasligini aytgan, chunki u kompyuterlarni yoqtirmagan va hattoki Apple mahsulotiga ham ega emas.

Shunga qaramay, hisob-kitoblarga ko‘ra, agar u ulushni saqlab qolganida, bugungi kunda buning qiymati 200 milliard dollardan oshgan bo‘lardi. U bugun dunyodagi eng boy odamlardan biri bo‘lishi mumkin edi. O‘zi tan oladimi yoki yo‘q, shoshilinch qarori uni tarixdagi eng omadsiz insonlardan biriga aylantirdi.

Adolf Saks – bolaligida uch qavat binodan tushib ketgan ixtirochi

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar8

Saksofon ixtirochisi Adolf Saks hayoti ketma-ket kulfatlar bilan to‘la bo‘lgan. Masalan, go‘daklik paytida uch qavatli binodan tushib ketgan. Uni hamma o‘lgan deb o‘ylagandi, ammo u tirik qolgan. Uch yoshida sulfat kislotani sut deb ichib yuborgan. Keyinchalik esa igna ham yutib yuborgan. Bo‘lajak ixtirochi bolaligida ancha to‘polonchi bo‘lgan. Issiq pechka ustiga yiqilib, tanasining katta qismini kuydirib olgan. O‘n yoshida esa daryoda cho‘milayotganida boshi bilan toshga tushgan. Ammo bundan ham, keyinroq otasining ustaxonasida yuz bergan portlashdan ham omon qolgan.

Onasi uni “omadsizlik timsoli” deb hisoblagan va uzoq yashamasligiga ishongan. Ammo Adolf Saks tirik qolib, saksofonni ixtiro qilgan.

Sutomu Yamaguti – ikki yadroviy qurol portlashida ham jabrlangan erkak

29 yoshida Sutomu Yamaguti atigi uch kun ichida ikki marta o‘limdan qolgan. U Ikkinchi Jahon urushi davrida Yaponiyadagi ikkala atom portlashidan tirik qolgan yagona tasdiqlangan odamdir.

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar9

Yamaguti Xirosimada sodir etilgan portlash markazidan atigi ikki mil (3 kmdan ortiq) uzoqlikda bo‘lgan. Qulog‘i jarohatlangan, kuyishlar olgan. Qanchalik ishonish qiyin bo‘lmasin, uning omon qolishi ilmiy haqiqat va omadning chiroyli kombinatsiyasidir. Oradan uch kun o‘tib, u Nagasakiga qaytgan va yana yadroviy qurol portlashiga duch kelgan. Bu safar ham u tirik qolgan.

Uni qanday atash bahsli: bir odam tarixda yuz bergan ikki martalik yadro quroli portlashida ham ishtirok etib qolgani uchun omadsizmi yoki omon qolgani uchun omadlimi?

Unga “niju xibakusha”, ya’ni “ikki marta portlashdan omon qolgan” unvoni berilgan. “Qirq yil qirg‘in kelsa ham, ajali yetgan o‘ladi” deganlaridek, Yamaguti ikki marta eng yirik dahshatga duch kelgan bo‘lsa-da, 93 yil umr ko‘rgan.

Anna Xojes – ustiga meteorit tushgan ayol

Ustiga meteorit qulagan, samolyotdan otilib ketgan, Apple’dan voz kechgan va ikki yadroviy qurol portlashidan jabrlangan – dunyodagi eng omadsiz odamlar10

Anna Xojes – meteorit toshidan zarba olib omon qolgan tarixdagi birinchi hujjatlashtirilgan inson. Amerikalik bu ayol kech kuzning salqin kunida uyida dam olayotgan payti osmondan tushgan meteorit tomni teshib o‘tib, uning ustiga tushadi. Ammo o‘zi jiddiy jarohat olmaydi, qattiq og‘riq va uzoq muddatli ko‘karishlarni inobatga olmaganda.

Keyingi o‘rganishlarda bu meteorit 4,5 milliard yillik taxminan 3,8 kg og‘irlikdagi sayyoralararo uchar tosh ekani ma’lum bo‘lgan.
Bu voqea Xojesni dunyodagi eng baxtsiz odamlar qatoriga qo‘shadimi yoki u aslida favqulodda omadli insonmi? Bu ham bahsli.

Biror narsa uchun o‘zingizni omadsiz deb atashdan oldin, ustingizga meteorit qulamaganini inobatga oling.