Peruda yuqori ijtimoiy mavqega ega ayolning qadimiy qabri topildi. Topilmaning yoshi taxminan 5 ming yil. Bu haqda Peru Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayol mumiyosi Karal-Supa sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan Asperodagi arxeologik qazishmalar joyida topilgan.
Vafot etgan ayolning yoshi 20-35 yosh deb baholangan. 5 ming yil davomida uning terisi, sochlari va tirnoqlari saqlanib qolgan. Ayolning tanasi bir necha qavat mato (paxta va qamishdan yasalgan bo‘yra) bilan o‘ralgan. Ustiga ara patlari bilan bezatilgan choyshab yopilgan. Ayolning boshida bosh kiyimi bo‘lgan.
Arxeologlar qabrdan ko‘plab qimmatbaho buyumlar ham topgan. Ular orasida qamishdan yasalgan to‘rtta savat, naqshli igna, Amazonka shilliqqurtining chig‘anog‘i, munchoqlar bilan bezatilgan to‘kan tumshug‘i, jun mato, baliq ovlash to‘ri va 30 ga yaqin shirin kartoshka tuganaklari bor. Shuningdek, to‘qish asboblari va bir nechta savatlar topilgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, sovg‘alarning tabiati ayolning yuqori ijtimoiy mavqeidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyaning Sitsiliya orolida arxeologlar noyob artefakt – go‘dakni dafn etish uchun idish sifatida foydalanilgan miloddan avvalgi VI asrga oid terrakota amforasini topgan edi.