Xalqaro Yer observatoriyasi (IERS) yana bir bor Yer aylanishining anomal tezlanishini qayd etdi. Buning oqibatida kun uzunligi rekord darajaga qisqargan. Bu haqda “New Science” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu xulosaga olimlar 1960 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida turli ilmiy missiyalar to‘plagan ma’lumotlarni tahlil qilgan holda kelgan. O‘zgarishlar qayd etilgan bo‘lsa-da, ekspertlar global falokatlar kutilmayotganini va vahimaga o‘rin yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Tezlashuvning asosiy sabablari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:
- Yer ichki yadrosining harakati;
- okean oqimlarining faollashuvi;
- kuchli shamollar;
- Quyosh tizimidagi boshqa osmon jismlarining tortish kuchi ta’siri.
Qiziq jihati shundaki, 1960 yillarda aksincha, Yer aylanishi sekinlashayotgan bo‘lgan. Shu bois, 1972 yildan boshlab astronomik vaqtni to‘g‘irlash zarurati tug‘ilgan va unga qo‘shimcha soniyalar kiritib borilgan. Eng so‘nggi shunday tuzatish 2016 yil 31 dekabr kuni amalga oshirilgan.
Biroq 2020 yil 5 iyulda Yer o‘z o‘qi atrofida rekord darajada tez aylangan: u o‘z aylanishini odatdagidan 1,0516 millisekund tezroq yakunlagan. Bu butun kuzatuvlar tarixidagi eng qisqa astronomik kun sifatida qayd etilgan.
Siljiyotgan vaqt o‘rnini qanday qoplash masalasi ilmiy jamoatchilikda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Hatto salbiy kabisa soniyasini joriy qilish g‘oyasi ham muhokama qilingan. Biroq yakunda atom va astronomik vaqt o‘rtasidagi tafovutdan foydalanishga qaror qilingan. Shu bilan birga, olimlar bunday tuzatishlar yuqori aniqlikdagi tizimlar va texnologiyalarda muammolar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti olimlari jamoasi Yerdan tashqarida hayot mavjudligiga oid dalillarni aniqlagandi. Bu dalillar K2-18b ekzoplanetasi atmosferasida mavjud bo‘lgan organik birikmalarda mujassam. Ushbu sayyora Arslon yulduz turkumida joylashgan bo‘lib, Yerdan 124 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan.