Palov o’zbek xalqining eng sevimli taomi hisoblanadi. Har bir oilada haftasiga kamida ikki marta albatta palov pishiriladi. Odamlar xursandchilik kunlarida, to’ylarda va azada ham palovsiz marosim o’tkazmaydi. O’zbekiston ahli uchun palov nafaqat taom, balki haqiqiy san’at asaridir. Chunki har bir viloyatning o’ziga xos palovi bor. Quyida palov haqida qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola etamiz.
1. Dunyoning ko’plab davlatlarida palov o’sha joyda yashovchilar tarafidan alohida nomlangan. Masalan, Ispaniyada palovni Paelya deb atashadi. Uning o’zbek palovidan farqli jihati shundaki, paelya dengiz mahsulotlari qo’shilgan holda tayyorlanadi.
2. Qadimda O’rta Osiyoda palovni qo’y terisiga o’rab pishirishgan. Buning uchun chuqur kovlangan. Qalin va mustahkam qo’y terisiga palov masalliqlari solib berkitilgan. Teri ustiga ko’mir tashlab olov yoqishgan. Shunday qilib ichkaridagi harorat bir xilda ushlab turilgan.
3. Palov X-XI asrlar oralig’ida paydo bo’lgan. Tarixiy manbalarda bitilganki, o’sha davrlarda palov to’ylarda, katta bayramlarda dasturxonga tortilgan.
4. O’z davrida sohibqiron Amir Temur palovni askarlarning taomnomasiga qo’shgan. Bir kuni Anqaraga hujum arafasida uning boshi qotgan. Armiya katta, qanday qilib bu jangchilarning qorni to’yar darajadagi, barchasiga yetadigan darajadagi taom pishirsa bo’ladi? Shunda xos mullalaridan biri maslahat bergan. U aytganki, palov pishirilib, bittadan chashkada jangchilarga tarqatilsa, nafaqat yetarli bo’ladi, balki, jangchi shu miqdordagi palovdan ikki-uch kunga yetadigan kuch to’playdi… Qarabsizki, Amir Temur armiyasi Anqaraga qilingan hujumda g’alaba qozondi. O’shandan keyin sohibqiron palovni armiyaning asosiy taomiga aylantirgan.
5. Ayrim tarixiy manbalarda yozishlaricha, dunyoda palovni birinchilardan bo’lib Aleksandr Makedoniskiy armiyasi jangchilari tatib ko’rgan ekan.
6. Turkiya va Eronda palovni baliq bilan ham tayyorlashadi. Ular guruchni va boshqa masalliqlarni alohida-alohida pishirib, tovoqqa suzayotgandagina aralashtirishadi.
GURUCh HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
1. Guruchni muzlatib qo’yish mumkin emas. Muzlatish uning barcha xususiyatlarini yo’qqa chiqaradi.
2. Guruchning 70 foiz qismi uglevodlardan iborat. Oqsil unda juda kam. Shu sababli guruch parhezi hech qachon foyda bermaydi.
3. Kosmetik upalar ham asosan guruchdan tayyorlanadi.
4. Sholi poyasidan sanoatda qog’oz va karton ishlab chiqarishda foydalaniladi.
5. Guruch yetishtirish bundan taxminan 9-10 ming yil oldin an’anaga aylangan ekan.
6. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda 1 milliard nafardan ko’proq odam aynan sholikorlik bilan shug’ullanadi.
7. Ayrim tog’li hududlarda faqat qizil guruch yetishtiriladi.
8. Guruch dunyoning ko’plab mamlakatlarida boylik timsoli sanaladi. Shuning uchun yangi kelin-kuyovning boshidan guruch sepishadi.
Olimjon HAYIT tayyorladi