5 / 100

Qahvaxo'rlar uchun xushxabar: yurakdan xavotir olmang

Kuniga 25 finjondan ko’proq qahva ichadiganlar ham yuragidan xavotir olmasa bo’ladi deyishmoqda olimlar.

Avval o’tkazilgan ayrim tadqiqotlar qahva arterial qon tomirlar devorini qotirishi, yurakka ko’proq bosim tushishi, infarkt va insult xavfini oshirishini ko’rsatgan edi.

Ammo kuniga 5 finjondan ko’proq, hatto 25 finjon qahva ichuvchi 8 mingdan ortiq britaniyalik o’rganilgan. Ularning yuragi kuniga bir finjon qahva ichuvchilarnikidan yomon emasligi aniqlangan.

Tadqiqot “Britaniya yurak fondi” tomonidan tashkillashtirilgan va natijalari Britaniya yurak-qon tomir jamiyatiga Manchesterda o’tgan konferensiyada taqdim qilingan.

Londonning Qirolicha Mariya universiteti mutaxassislari tadqiqot uchun uch guruhga ajratilgan 8412 kishini saralab olishgan.

Birinchi guruhga kuniga bir finjondan oz qahva ichuvchilar kirgan. Ikkinchi guruhga kuniga bir-uch finjon, uchinchi guruhga esa uch finjondan ko’p ichuvchilar kiritilgan. Uchinchi guruhda hatto kuniga 25 finjondan ko’p qahva ichuvchilar bo’lgan.

Tadqiqotchilar eng ko’p qahva ichuvchilarning arterial qon tomiri devori qattiqlashishi ehtimoli kam ichuvchilarnikidan ko’p emasligini aniqlashgan.

Barcha qatnashchilarning yuraklari MRT qilingan. Tekshiruvlarda qatnashchilarning vazni, yoshi va tamaki chekish-chekmasligi ham hisobga olingan.

Qirolicha Mariya universitetidan doktor Kennet Fangning aytishicha, “Qahva ichish har qancha ommalashgan bo’lmasin, tadqiqotlarning turlicha xulosa berishi ayrim odamlarning qahva lazzatidan mosuvo bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin”.

“Hozircha biz sababiy aloqani aniqlamadik, ammo tadqiqotimiz qahva arteriyalar uchun avvalgi tadqiqotlar xulosalarida aytilganidek xavfli emasligini ko’rsatdi”, – deydi u.

 

minbar.uz