image0

Iqlim o‘zgarishi tufayli bugungi kunda insoniyatning munosib mehnat qilish huquqi xavf ostida. Bu haqda Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili Mustafo Kamol ma’lum qildi.

Uning ogohlantirishicha, agar dunyo hozirgi ekologik yo‘nalishni davom ettirsa, 2030 yilgacha 80 million to‘laqonli ish o‘rni yo‘qoladi.

Bugungi kunda jahon ishchi kuchining 70 foizidan ortig‘i – 2,4 milliard kishi ish joylarida haddan tashqari issiqlik ta’siriga duch kelmoqda. Bu xavotirli statistik raqamlar iqlim inqirozi kuchayib borayotgan sharoitda ishchilar uchun kuchli ijtimoiy himoya tizimlarini yaratish zarurligini ta’kidlaydi.

Mustafo Kamol, shuningdek, faqat favqulodda holatlarga javob berish emas, balki inson huquqlariga asoslangan, institutsion yondashuvlarga o‘tish va sarmoyalarni oshirish kerakligini urg‘ulaydi.

Shu bilan birga, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish ijobiy natijalar ham keltirishi mumkin: 2030 yilgacha 100 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ehtimoli bor.

BMTning inson huquqlari va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Eliza Morgera esa yoqilg‘idan (neft, gaz, ko‘mir) voz kechish iqlimga insoniyat tomonidan yetkazilayotgan zararni kamaytirish va shu bilan birga inson huquqlarini himoya qilishning eng samarali yo‘li ekanini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt (SI) butun dunyo bo‘ylab ish o‘rinlarining 40 foiziga ta’sir ko‘rsatishi va mehnat unumdorligini oshirishga yordam berishi xabar qilingan edi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, avtomatlashtirish ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.