Birinchi qabr Xo’ja Hasan Ilg’oriy bo’lib, 34 metr uzunlikda, eni ikki metr, balandligi 11,5 metrni tashkil etadi. Qabrning barcha joylari sement bilan suvalgan. Qabrning tepasiga tog’ echkisi va kiyik shoxi qo’yilgan. Ikki shox o’rtasida esa qora shox joylashtirilgan.
Ikkinchi qabr Avval ismli xalifaga tegishli bo’lib, u ham birinchi qabrdek o’rnatilgan, ammo hajm jihatdan birinchi qabrdan ancha kichik.
Xo’ja Hasan Ilg’oriy 582-630 yillarda yashab o’tgan sahobalardan biri bo’lib, o’ta dovyurakligi va botirligi tufayli janglarda jasorat ko’rsatgan. Xotirasi kuchli bo’lib, har qanday ma’lumotni yodida saqlab ola bilgan. Islomga oid risolalar ham bitgan. Shuning uchun unga Ilg’oriy (tez ilg’ovchi, anglovchi, ziyrak) degan taxallus qo’yilgan.
Rivoyat qilishlaricha, Hazrati Ali ibn Abu Tolib O’rta Osiyo xalqlarini zabt etish va uni islom diniga kiritish uchun qattiq janglar olib boradi. Oradan biron yil o’tgan bo’lsa ham Alidan darak bo’lmaydi. Shunda payg’ambarimiz ko’zlariga yosh olib, uning o’lik-tirigini ham bilmadik, deb sahobalariga gapiradilar. Shunda Xo’ja Hasan Ilg’oriy ta’zim qilib, bilib kelishga ruxsat so’raydi. U Alini qidirib topib, u bilan birga jang qiladi. Ammo u og’ir yaralanib, hozirgi ziyoratgohda yotib qoladi. Qaytib ketishga ko’zi yetmagach, bir kabutarni ushlab, unga noma bitib Alining tirikligi haqida ma’lumot beradi. Payg’ambarimiz nomani olib: «Biz uchun begona yurtlarda xoking qoldi. Bu joy ziyoratgoh joyga aylansin», deya duo qiladilar. Ana shundan keyin bu manzil ziyoratgohga aylangan.
Bu ziyoratgohning asl nomi Xo’ja Hasan Ilg’oriy bo’lsa-da, xalq xabar yetkazgan kabutar nomini ham qo’shib aytadigan bo’lishgan, ya’ni kaptarxona ziyoratgohi, deb ham atalib ketgan.
Avval ismli xalifa 1820 yilda tug’ilib, 1910 yilda bu dunyoni tark etgan. U kishining otalari pir oldiga ovqat keltiradi. «Ovqatni kim tayyorladi?» deb uy egasidan so’raydi Pir. «Bolali xotinimning qo’li tegmadi, taomni befarzand ojizam tayyorladi», deb javob beradi uy sohibi.
Pir: «Bekor bo’libdi-da, men befarzand ayolning qo’lidan taom yemayman», deydi. Shunda ayolning ohu-faryodi eshitiladi va pir oyoqlariga yiqilib: «Hazratim, bu dunyoga kelib quruq ketaveramanmi? Allohim menga ham farzand bersin, duo qiling», deya yolvoradi. Pir duoga qo’l ochib, ayolga Allohdan farzand so’raydi. Keyin: «Albatta, farzand ko’rasan va unga o’zim ism qo’yaman», deydi pir. Oradan bir yil o’tib, pir kelishidan bir kun avval haligi ayol farzand ko’radi. Pir kelishi bilan bu xabarni eshitib: «Olib keling Xalifamizni», deydi va unga Avval xalifa deb nom qo’yadi. Avval xalifa kelajakda buyuk kishilardan biri bo’ladi, deb karomat ham qiladi. Haqiqatan ham Avval xalifa buyuk kishilardan biriga aylanadi. Ikki o’g’li Bo’ri xalifa va Xo’jamqul xalifa ham keyinchalik olamdan o’tgach, otalari yoniga dafn qilinadi.
Xo’janazar xalifaning o’g’li Tog’aynazar xalifa va uning o’g’li Eshboy ham vafot etganidan keyin ana shu joyga qo’yilgan.
Tog’aynazar xalifaning kichik o’g’illari Xolmirza va Damin esa hozirda hayot. Ular Hazarbog’ning beshinchi bo’limida yashaydi.
Aytishlaricha, bu ziyoratgoh juda ko’p aziz avliyolarning so’nggi makoniga aylangani bois juda ulug’ qadamjoga aylangan. Shuning uchun uni ziyorat qilgan kishining barcha niyatlari mustajob bo’lib, tilagan niyatiga erishgan. Ayniqsa, befarzandlarning ohu-nolasi bu ziyoratgoh poyida Allohga tez yetib borgan. Chunki, yuqorida aytib o’tganimizdek, Avval xalifaning o’zi Alloh marhamati bilan dunyoga kelgan. Uning ota-onasi mana shu yerda turib, pirdan duo tilashgan.
QIYIQ OTA
Bu ziyoratgoh Mirshodi qishlog’ida joylashgan. Uning ikki tomoni adirlik bo’lib, o’rtada katta soy bor. Ziyoratgoh ana shu soy yoqasida joylashgan bo’lib, oddiy paxsa devor bilan o’ralgan. Devor yillar o’tishi bilan nurab yemirilib ketgan. Devor o’rtasida qabr bo’lib, u oddiy tuproq bilan baland qilib ko’tarilgan. Tepasiga ikkita katta kiyik shoxi ilingan. Ziyoratgoh atrofida qabrlar yo’q.
Bu ziyoratgohning paydo bo’lganiga 200-250 yil bo’lgan, deb taxmin qilinadi. Aytishlaricha, bundan ancha yillar oldin, ya’ni 1750 yilda ismi noma’lum yetti og’ayni Termiz otaga qarashli Xo’jaoblov konidan chiqib, Xo’jaipokka joylashishadi. Mahalliy aholining aytishicha, ularning qabrlari Xo’jaipok hududida, ya’ni o’sha yerdagi qishloqlarning har birida bittadan joylashgan.
Hozirgi paytda ularning yettinchisi «Kiyik ota» qabri bo’lib, bu qabr ziyoratgohga aylangan. Shunday bo’lsa-da, bu qabr egasining ismi aniqlanmagan.
Yuz yoshli mulla Mamaraim bobo o’z otalaridan eshitganlarini (o’shanda otalari 84 yoshga kirgan ekan) so’zlab bergan. Boboning aytishicha, bir kishi hozirgi ziyoratgohga kelib, o’ziga hujra qurdirib, uchta tut ekkan. Qalbi pok, islomga chin dildan berilgan bu inson ana shu yerlik qishloq bolalariga diniy ta’limdan dars bergan. Bundan tashqari, u dardmand, kasali tushunarsiz va og’ir bo’lgan kishilarni duo o’qib davolarkan.
Rivoyat qilishlaricha, u bu joyga kelganida 29 yoshda bo’lgan. Shuningdek, mohir ovchi ham bo’lgan. Kunlarning birida tog’da bir kiyikni otmoqchi bo’lganida, kiyik unga ta’zim qilgan va ko’zlaridan yosh oqizgan. Bu holatdan hayratga tushgan ovchi kiyikning yoniga borgan. Qarasaki, kiyik bolalagan bo’lib, o’zi yarador ekan. Ana shundan keyin ovchi uni bir necha kun davomida tog’ giyohlari bilan davolagan. Eng qizig’i, u kiyikning bolalari oyoqqa turguncha shu yerda turib qolgan. Kiyik tuzalgach, uyga jo’nagan. Ona kiyik ham uning ortidan kelib, ovchi oyoqlari ostiga yiqilgan. Buni ko’rgan ovchi kiyikni qo’yib yuborgan va shu kundan boshlab ovchiligini tashlab, toat-ibodatga berilgan ekan.
Shu yerlik bir otaxoning aytishicha, hozirgacha o’sha kiyik avlodlari har charshanba kuni kelib, u kishining qabrini ziyorat qilib ketar ekan.
Bu kishi haqida bilganlarning aytishicha, u karomatgo’y ham bo’lgan. Kimning moli yo’qolsa, mol o’g’risini topib bergan. Boshiga tashvish tushgan kishilarga qachon mushkuli oson bo’lishini aytgan. Kasalmand kishilarni darddan forig’ qilgan. U kishi 53 yoshga kirganida ona kiyik uning yoniga kelib, ziyorat qilgan va shu yerda jon bergan. U kishi kiyikni ko’mgan. Vaqti kelib, uning o’zini ham vasiyatiga ko’ra, 74 yoshida ki-yikning yoniga dafn qilishgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, keyinchalik bu joyni Kiyik ota, deb atashgan va qabr tepasiga kiyik shoxini ham qo’yishgan.
Mahalliy aholining aytishicha, bu joyga kelgan kishilar qadamjoni ziyorat qilib, sidqidildan duo qilgan va Allohdan nimaniki so’rasa, albatta, ijobat bo’larkan.
XO’JAG’OR OTA ZIO’RATGOHI
Bu ziyoratgoh ham Oltinsoyning Mirshodi qishlog’ida, katta adir yoqasida joylashgan bo’lib, uning yon tomonidan katta Qora ariq oqib o’tadi. Atrofi sayxonlik va adirliklardan iborat. Soyga yerlik aholi sholi ekishadi. Bu soyni Chumchuqli soy, deb ham atashadi. Aytishlaricha, shu soydan bir vaqtlar tentak daryo oqib o’tgan ekan. Hozir shu soyda katta anhor oqib o’tadi. Uning suvi Sho’rchidagi g’isht zavodi yonidan o’tib, Surxonga borib quyiladi.
Mahalliy aholining aytishicha, bu joyda Avliyoxon eshon yashagan. Avliyoxon eshon 1795 yilda tug’ilib, 1871 yilda qazo qilgan. Avliyoxon Eshon Said avlodidan bo’lib, nihoyatda sodda, kamtarin va faqirona yashagan. U bu yerga 1829 yilda Samarqanddan ko’chib kelgan. O’shanda yerlik aholi uning eshonligini bilmagan. Ust-boshiga qarab, uni ham o’zlaridek oddiy odam, o’ta kambag’al va qashshoq bo’lsa kerak, deb o’ylashgan. Yoz kunlarining birida Avliyoxon tabiat hodisasini sezib, bu haqda qishloq ahlini ogohlantiradi, ya’ni dashtdagi g’alla va bosh-qa ekinlarni tezda yig’ishtirib olish zarurligini tayinlaydi. Yerlik aholi esa bu gapni eshitib, uni mazax qilishadi va aytganini bajarishmaydi. Oradan uch kun o’tgach, kun birdaniga sovib ketib, qor yog’ib, bir kun ichida ancha chorva mollari qirilib, ekinlariga ham katta talafot yetadi.
Xuddi shuningdek, shu yerlik boylar ham uni kamsitar va kambag’alligini aytib, mazax qilar edi. Kunlarning birida boylar qo’y so’yib, katta qozonlarda ovqat qilayotganda boylardan biri: «Eshonman, deysiz. Buni qanday isbotlaysiz? — deb so’rab qoladi. — Biron karomat ko’sating, biz ishonaylik».
Eshon Allohga iltijo qilganda birdaniga osmonda qora bulut paydo bo’lib, qaynab turgan qozon ustiga tosh yog’a boshlaydi. Boylar shu zahotiyoq tavba qilib, eshonning oyoqlariga yiqilishadi va shu kundan boshlab eshonni qadrlaydigan bo’lishadi.
Avliyoxon eshon jar yoqasidagi g’ordan o’ziga boshpana tayyorlaydi. Eshon hazratlari olamdan o’tgandan keyin uni shu yerga dafn qilishadi. Bu joyni Xo’jag’or yoki Avliyoxon eshon mozori, deb ataydilar.
Eshon qabrini oddiy devor bilan o’rab, qabrga oq bayroq (jalov) qadab qo’yishadi. Bu esa uning ziyoratgoh ekanligidan dalolatdir. Ana o’shandan buyon bu joyni o’sha yerlik aholi doimiy ravishda ziyorat qiladigan bo’ladi. Yillar o’tishi bilan bu joyga o’sha yerlik aholining jasadlari ham qo’yilib, u katta qabristonga aylanib ketadi.
1882 yildan boshlab bu joy ziyoratgohga aylantirildi.
Umbarxon HAYITBOYEV va
Zulfizar ISOQOVA tayyorladi.