Buyuk Britaniyaning Sautgempton universiteti olimlari Efiopiyaning Afar mintaqasi ostida Yer qa’ridan ritmik tarzda ko‘tarilayotgan erigan mantiya oqimlarini aniqladi. Yurak urishiga o‘xshagan bu silkinishlar Afrikani asta-sekin yorib, yangi okean shakllanishiga olib kelmoqda. Bu haqdagi tadqiqot “Nature Geoscience” jurnalida e’lon qilindi.
Gap sayyoradagi yagona o‘ziga xos hudud haqida bormoqda: bu yerda uchta tektonik yoriq – Efiopiya rift zonasi, Qizil dengiz rifti va Aden ko‘rfazi rifti bir nuqtada kesishadi. Olimlar aynan shu yerda kuchli, asimmetrik, yuqoriga yo‘nalgan issiq mantiya oqimi, ya’ni “plyum” joylashganini aniqladi. Bu oqim nafaqat mavjud, balki o‘ziga xos kimyoviy tarkibli silkinishlarni ham namoyon qilmoqda.
“Biz Afar mintaqasi ostidagi mantiya bir xil emasligi va harakatsiz emasligini aniqladik. U ritmik tebranadi va bu tebranishlar o‘zida noyob kimyoviy izlarni saqlagan erigan jinslarni tashiydi. Ular shtrix-kodlar kabi riftning turli nuqtalarida takrorlanadi va ularning tarkibi Yer po‘stining qalinligi hamda plitalar ajralish tezligiga bog‘liq”, dedi tadqiqot rahbari doktor Emma Uotts.
Hududda to‘plangan 130 dan ortiq vulqon jinslari namunalari, seysmologiya ma’lumotlari va kompyuter modellashtirish natijalari shuni ko‘rsatdiki, tektonik plitalar qancha tez ajralsa (masalan, Qizil dengiz atrofida), tebranishlar shuncha muntazam va samaraliroq o‘tadi – go‘yo tor arteriyadan oqayotgandek.
Sautgempton universiteti professori Tom Gernonning aytishicha, mantiyaning bu faolligi nima uchun vulqonlar va zilzilalar aynan ayrim zonalarda ko‘proq ro‘y berishini tushuntirishga yordam beradi.
“Yer qa’ridan ko‘tarilayotgan mantiyaning issiq oqimlari shunchaki yuqoriga chiqmaydi, ular tektonik plitalar harakatiga javob beradi, Yer po‘sti yupqaroq joylarda vulqon faolligini jamlaydi va kelajakdagi okeanlarning shakllanishiga zamin yaratadi”, deydi u.
Olimlarning fikricha, millionlab yillar o‘tib, hozirgi yoriq to‘laqonli yangi okeanga – Atlantika, Hind va Janubiy okeanlardan keyingi to‘rtinchi okeanga aylanadi.