Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga o'qishga qabul tartibi qay yo'sinda kechadi?

Ma’lumki, Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan O’zbekistonda yangi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

Akademiyada 2023/2024 o’quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi — bakalavriat va magistratura bo’yicha to’laqonli o’quv jarayoni tashkil etiladi.

Bakalavriat bo’yicha o’qitish kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

«Xabar.uz»ning yozishicha, Akademiyada bakalavriat dasturi bo’yicha ta’lim olish muddati 3 yilni, tergov faoliyati yo’nalishidagi magistratura dasturi bo’yicha – 1 yilni tashkil etadi. Bitiruvchilarga oliy yuridik ta’limning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi.

Akademiyaga qabul qilishda abiturientlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Akademiyaning tergov faoliyati yo’nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo’yicha 250 nafargacha talaba tashkil etadi.

Tergov faoliyati mutaxassisligi magistratura dasturi bo’yicha oliy yuridik ma’lumotli surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari ta’lim olishi mumkin bo’lib, qabul kvotasi 50 nafargachani tashkil etadi.

Akademiyada hozirda mavjud kunduzgi va sirtqi magistraturaning boshqa mutaxassisliklari bo’yicha qabul kvotalari Bosh prokuratura tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.

Akademiyaning tergov faoliyati yo’nalishi bo’yicha magistraturasiga kunduzgi shaklda o’qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar bo’yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o’qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarini o’qitish bepul asosda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va o’rtacha oylik ish haqi o’qish davri mobaynida saqlab qolinadi.

Yuqoridagilarga asosan, ochiq, har tomonlama va xolis tanlov mezon va mexanizmlarini qamrab olgan Akademiyada oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o’qitishning alohida tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi tayyorlanadi.