Jirit – bu otda nayzani dushman tomon yaxshiroq uloqtirish maqsadida paydo bo’lgan o’yin bo’lib, Jirit tayog’i yoki asbobi jangovar kuchni oshirish uchun o’quv materiali sifatida paydo bo’lgan va bu o’quv materiali bilan otda mashq bajarish orqali kiritilgan qoidalar bilan o’yin tusini olgan. Jirit, boshqacha qilib aytganda, Chavgan, turkiy xalqlar tomonidan asrlar davomida o’ynalib kelayotgan ajdodlar sportidir.
Alparslon bilan Anato’liyaga kirib kelgan Jirit o’yini keyinchalik Yevropa va Arab davlatlariga tarqaldi. XVII asrda Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda mazkur o’yin keng tarqaldi. XVI asrda Usmoniy Turklar tomonidan urush o’yini sifatida qabul qilingan. XIX asrda bu butun Usmoniy Turklar davlati va uning saroylarining eng katta sahnalashtirilgan sporti va o’yiniga aylandi. Jirit xavfli o’yin bo’lganligi sababli 1826-yilda Mahmut II tomonidan taqiqlangan. Ammo keyinchalik u butun Usmoniy Turklar Imperiyasi bo’ylab asosiy urushga tayyorlaydigan o’yin sifatida tarqaldi. Kichik Osiyoning deyarli har bir burchagida to’y va bayramlarda qishloq yoshlari hamda shahar aholisi “Jirit o’yini”ni o’ynaydi. Ushbu xalq o’yini Turkiyaning qishloqlari bilan shaharchalarida, katta shaharlarida hanuzgacha “yashaydi”. Jirit o’yini Sinop qishloqlaridan Gaziantepgacha, Bursadan Antaliyagacha, shuningdek Sharqiy, G’arbiy, Janubiy va Shimoliy Anato’liyadagi qishloqlarning kurash bilan birga asosiy jasorat va jangovar o’yinini tashkil etadi. Jirit o’ynaladigan maydonda nog’ora va surnaylar chalinib, omma e’tiborini tortadi. Qolaversa, xorijdagi Eron, Afg’oniston va Turkiston turkiy xalqlarida hamda turkiylar yashaydigan boshqa Osiyo mintaqalarida ham Jirit o’zining hayotiyligi va an’anasini saqlab kelmoqda.
Jirit o’yinida 2 ta jamoa bo’ladi. Bu jamoalar eni 70 metrdan 120 metrgacha bo’lgan maydonda 5, 6 yoki 7 kishidan iborat bo’lib, maydonning orqa tomonida bir-biriga qarama-qarshi joylashgan bo’ladi. Nayzachilar o’zlarining mintaqasiga xos kiyimlarida otlarini minadilar. Ular o’ng qo’llariga otish uchun birinchi nayzani, ikkinchi qo’llariga zaxira jiritni va qamchini olishadi. Chavandoz ikki tomonning biridan oldinga sakrab, qarama-qarshi qatorda turganlar tomon 30-40 metrga yaqinlashadi. Keyin esa o’ng qo’lidagi nayza (jirit) ni raqib jamoa o’yinchilaridan biriga otadi, so’ng orqaga o’girilib, otini o’zining jamoadoshlari tomon olib o’tadi. Raqib o’yinchisi orqasiga o’girilib, tezda o’zining raqibi orqasidan ergashib, qo’lidagi nayzani qarama-qarshi tomonning qochib ketayotgan a’zosiga uloqtiradi. Bu safar birinchi o’yinchi chiqqan qatordan boshqa bir nayzachi uni kutib oladi. Ikkinchi qatordan chiqqan o’yinchi, o’z o’rnini egallash uchun tezda o’zining joyiga qaytishga harakat qiladi. Bu safar raqibi uni quvib, qo’lidagi nayzasini otadi.
Bugungi kunda Anato’liyaning ko’plab shaharlarida qiziqish bilan tomosha qilinib o’ynaladigan Jirit o’yini va qoidalari quyidagicha:
Jirit hozirda o’ynalish tarzi bo’yicha farq qilib, u oq chiziqlar bilan bo’lingan 120×40 m o’lchamdagi maydonda o’ynaladi. O’yin vaqti 35 daqiqalik 2 ta bo’limdan, umumiy 70 daqiqani tashkil qiladi. O’yin maydonchasi uzunligi 32 m, kengligi esa 40 metr. Uning orqasidagi taqiqlangan maydon 6 m, jamoalar to’planib turadigan to’xtash joyi 6 metrdan iborat. Jirit tayoqchasining uzunligi 110 santimerni tashkil etadi.
Raqib jamoaga hujum qilgan o’yinchi bu hududga kirib, nayza uloqtirishi majburiydir. Agar bu hududdan boshqasiga uloqtirsa, 1 (bir) ochko jarima oladi. Har bir jamoa 7 ta otliq chavandozdan iborat. Har bir jamoada 2 tadan zaxira o’yinchisi majud bo’ladi. Ular o’yinning istalgan vaqtida hakamni xabardor qilish sharti bilan o’zgarishi mumkin. O’yinni tark etganlar o’yinga takroran kira olmaydi. O’yin jamg’arilgan ochkolarga ko’ra tugaydi. Manfiy ballar musbat ochkolardan ajratiladi. Eng yuqori ball to’plagan jamoa g’olib deb hisoblanadi.
Ball beradigan harakatlar
Yarim himoyada nayza uloqtiruvchiga aniq zarba berilsa – 4
Jamoalar bekatidan turib nayzani raqibiga tekkazish – 4
Raqibni tutib olib, unga nayzani uloqtirmaslik – 3
Raqibning yo’lini to’sish – 3
Otilgan nayzani havoda ushlab olish – 3 (jamoalar bekati va taqiqlangan maydondan tashqari)
O’yin maydonida qamchi va tayoq bilan raqibiga zarba berib, qoqilib ketishiga sababchi bo’lgan sportchining jamoasiga 4 ball beriladi.
Jarima ballari beradigan harakatlar
Yaqin masofadan nayza otish – 3
Otni qarama-qarshi jamoadagi chavandozga ataylab urish – 3
Otga qasddan nayza uloqtirish – 1
Oti bilan jamoa bekatiga kirib kelish – 1
Yon chiziq qoidasi buzilishi – 1
Otish masofasidan tashqaridan uloqtirish – 1
Nayza uloqtirish (zarba haqqi) dan foydalanmaslik – 1
Erta va ikki marta chiqish – 1
Otdan yiqilish – 3
Otdan yiqilish (ikkinchi marta) – 3
Otdan tushish (ruxsatsiz) – 1
Taqiqlangan maydonda 3 yoki undan ortiq o’yinchining bo’lishi – 1
Nayza uloqtirish huquqiga ega bo’lgan chavandozning o’yinga 1-chi yon chiziqdan kirishi – 1
Raqib jamoasi hududiga ataylab o’tib ketish – 3
Jirit otish maydonida nayzasini ataylab yerga uloqtirish – 1
Ikki baravar ko’p chiqish – 1
Erta chiqish – 1
Jiritni tushirib yuborish – 1
“Taqiqlangan maydon” qoidasining buzilishi – 1
“Jirit o’yini” bundan 40-50 yil oldin Anato’liyada faol ravishda o’ynalib kelgan o’yin bo’lsa-da, ushbu o’yin an’anasi bugungi kunda Turkiya hududida Erzurum, Erzinjan, Ushak, Bayburt, Anqara, Manisa, Kars, Sivas va Malatya viloyatlarida davom etmoqda.