image0

Dunyodagi demografik inqirozning asosiy sababi odamlarning erkin tanlashiga emas, balki “iqtisodiy xavfsizlik va shaxsiy imkoniyatlar”ni ta’minlamaydigan “adekvat siyosiy qarorlar”dir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqot shuni ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot doirasida UNFPA mutaxassislari dunyo aholisining uchdan bir qismi istiqomat qiluvchi 5 qit’adagi 14 mamlakatda 14 mingdan ortiq odamni o‘rgandi. Ushbu mamlakatlarning to‘rttasida – Nigeriya, Marokash, Janubiy Afrika va Indoneziyada – har bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni shu aholi o‘zgarmay qolishi uchun kerak bo‘lgan 2,1 ko‘rsatkichdan ortiq, ya’ni aholi soni tabiiy ravishda o‘smoqda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning aksariyati ikki yoki undan ortiq farzand ko‘rishni xohlaydi. 50 yoshdan oshgan respondentlarning 31 foizi ular xohlaganidan kamroq farzandi borligini aytishgan.

Shu bilan birga, respondentlarning 54 foizi farzandli bo‘lish va ko‘p bolali oilalar yaratish yo‘lidagi asosiy to‘siqlar qatorida arzon uy-joy, ish, bola parvarishi imkoniyatining yo‘qligi, pul yetishmasligi kabilarni “iqtisodiy muammolar” deb atagan.

Respondentlarning 24 foizi sog‘liq muammolari va ularni hal qilishning iloji yo‘qligini ko‘rsatdi. Yana 19 foizi farzand ko‘rishni istamasligini urushlar, iqlim o‘zgarishi, pandemiyalar va hokazolar sabab bo‘lgan “kelajak qo‘rquvi” bilan izohlaydi.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, muammoni hal qilish uchun “odamlar nimani xohlashini va nimaga muhtojligini so‘rash muhim”.

Tadqiqotda aniqlik kiritilishicha, “siyosiy chora-tadbirlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ushbu muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak, odamlarni kontratseptiv vositalardan foydalanishdan qaytarish yoki ularni ko‘proq farzand ko‘rishga undash emas”.