Olimlar Gavayi orollaridagi Yer yadrosidan ko‘tarilib chiqqan vulqon jinslari tarkibida qimmatbaho metallar, xususan, platina guruhiga mansub noyob ruteniy borligini aniqladi. Tadqiqot natijalari “Nature” jurnalida e’lon qilindi.
Geologlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Yerda mavjud bo‘lgan barcha qimmatbaho metallarning 99 foizi aynan yadroning chuqur qatlamlarida joylashgan, qolgan 1 foizi esa mantiyada va qattiq qobiqda, ya’ni litosferada tarqalgan. Bunga sabab – og‘irlik va zichlik: sayyora shakllanayotgan ilk bosqichda eng og‘ir elementlar, xususan, temir va qimmatbaho metallar gravitatsiya ta’sirida markazga, ya’ni yadroga cho‘kib ketgan.
Shu sababli Yer yadrosi to‘liq metallardan iborat deb qaraladi. Yadroning ichki qismi (diametri Plutonga teng – taxminan 2400 km) qattiq holatda, tashqi qismi esa – 2200 kilometrli suyuq qatlamdan iborat. Aynan mana shu suyuq qatlam ichida metallarning harakati elektr toklarini hosil qiladi va bu toklar Yerning kuchli magnit maydonini yaratadi. Bu esa sayyorani quyosh shamoli va kosmik nurlanishdan himoya qiladi.
Ilgari qimmatbaho metallar litosferada (Yer po‘stida) saqlanib qolganining sababi moddaning sayyora ichida mukammal ajralmagani, deb hisoblangan. Bu jarayon geologiyada “planetar differensiallanish” deb yuritiladi. Ammo yangi topilmalar bu nazariyani shubha ostiga qo‘ymoqda.
Endi olimlarning taxminicha, ruteniy, oltin, platina va boshqa og‘ir metallar yadroning o‘zidan yuqoriga ko‘tarilmoqda. Ular minglab kilometr masofani bosib o‘tib, Yer yuzasiga yetib keladi. Ushbu jarayon mantiyaviy plyum deb ataladi – bu Yer yadrosi bilan mantiya o‘rtasidagi chegarada yuzaga keluvchi g‘oyat issiq, vertikal magma oqimidir.
Aynan shunday plyumlar quyi bosim ostida materiklarning plitalarini yorib o‘tadi. Masalan, Afrikadagi mashhur Sharqiy-Afrika yorig‘i mana shu plyum bosimi natijasi. Bu geologik jarayon Afrika qit’asining katta qismini ajratib yuborishi mumkin.
Qayd etilishicha, bu kashfiyot Yerning ichki tarkibi va qimmatbaho metallar harakati haqidagi mavjud nazariyalarni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi. Endilikda olimlar Yer yadrosi faqat geofizik fenomen emas, balki unda yotgan oltin va boshqa metallar sayyora bo‘ylab uzluksiz harakatda ekanini tushunmoqda. Bu esa qimmatbaho metallar zaxiralarini izlash va o‘rganish borasida mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.