Amerika Qo’shma Shtatlarida dunyodagi eng qimmat dori vositasidan foydalanishga ruxsat berildi. Preparatning bir in’yeksiyasi taxminan 3,5 million dollarga tushadi. Bu haqda “Oddity Central” xabar berdi.
Preparat Hemgenix deb ataladi. Uni ishlab chiquvchilar fikricha, dori yordamida odam gemofiliya – qon ivishining buzilishidan xalos bo’ladi.
Hozirgacha standart muolajalar bemorlarning qonida yetishmayotgan oqsil miqdorini yetarli darajada ushlab turish uchun doimiy in’yeksiyalarni talab qilgan, ammo yangi dori tufayli gemofiliya bilan og’rigan bemorlarga butkul davolanish uchun preparatning bir dozasi yetarli bo’ladi.
Biroq muammo shundaki, bir shisha Hemgenix 3,5 million dollar turadi, bu esa preparatni tarixdagi eng qimmat doriga aylantiradi.
Ekspertlarning fikriga ko’ra, preparat muvaffaqiyatga erishish imkoniyatiga ega. Negaki, gemofiliya uchun mavjud davolash usullari ham katta pul talab qiladi.