Yozuvchi Agata Kristining Buyuk Britaniyadagi uyi qariyb 300 million rublga (4 million dollar) sotuvga qo’yildi. Bu haqda Savills xalqaro ko’chmas mulk agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Agata Kristining uyi Buyuk Britaniyaning tarixiy mulki hisoblanib, u yillar davomida qiymati faqat ortib boradigan haqiqiy yutuqdir. Ko’chmas mulk qiymati 2,75 million funt sterlingga baholanmoqda», — dedi Savills’ning Rossiyadagi xorijda ko’chmas mulk sotish departamenti direktori Yuliya Ovchinnikova.
Agata Kristi va uning eri 1934 yilda Oksfordshir grafligining Uollingford shahridagi Vinterbruk uyini sotib olgan. Yozuvchi 1976 yil, o’zining vafotiga qadar shu yerda yashagan. Aynan shu uyda uning dunyoga mashhur «Miss Marpl» asari dunyoga kelgan va Erkyul Puaro haqidagi so’nggi kitoblar yozilgan.
Uyga egalik huquqi uy fasadidagi tarixiy lavha bilan tasdiqlangan.
Uy o’zining tarixiy qiymati bilan bir qatorda ko’chmas mulk ob’yekti sifatida ham qiziqarli. 17 asrga tegishli bino 581 kvadrat metr maydonga ega yakka tartibdagi uy bo’lib, u Temza daryosigacha tushadigan 2 gektarlik ingliz bog’iga tutashgan. Shuningdek, hovlida bir xonali kichik mehmonxona joylashgan.
Uch qavatli uyda beshta yotoqxona va to’rtta mehmonxona mavjud. Agentlikning ta’kidlashicha, u o’zining joylashuvi va uslubi jihatidan zamonaviy turmush tarziga ega xaridor uchun mos keladi.