Chupakabra hanuz afsonaviyligicha qolmoqda. Dunyoning hech bir olimi hali bu jonzot bilan yuzma-yuz kelmagan, uning qonli kechmishi haqida aniq detallarni to’plash imkoniga ega bo’lmagan. Barcha chupakabrani tungi mahluq sifatida biladi. Yana shuni bilamizki, chupakabra haqiqatan tunda ov qiladi. U asosan hayvonlar, qushlar qonini ichadi. Mana, bu gal oddiy fermer olimlardan ham oldinroq chupakbra bilan to’qnash kelibdi. Fermerning aytishicha, chupakabra unga hamla qilmoqchi bo’lgan. Lekin ulgurmagan…
Bu fermer Paragvayda yashaydi. Ismi-sharifi Fransisko Molinas. Fermerning hikoyasi afsonaga qorishiq emas. Qiziqib ko’ring-a.
— Yaqinda kechasi itlarning bezovta hurishi qulog’imga chalindi, — deydi fermer. — Shoshilinch qo’limga vintovkani oldim-da, tashqariga chopdim. Ne ko’z bilan ko’rayki, ancha narida echkilarimdan biri o’lib yotibdi. Uning tanasi chavaqlab tashlangandi. Jon-ponim chiqib oldinga chopdim. Yana nariroqda oltita qo’yim xuddi shu ahvolda jonsiz yotibdi ekan. Bunisi ortiqcha edi. Azbaroyi jahlim chiqqanidan fonarni oldinga to’g’rilab jonivorlarning kushandasini qidirishga tushdim. U uzoq qidirishga qo’ymadi. Hov narida ko’zlari qizil, xuddi bo’riniki kabi yonayotgan ulkan mahluq men tomonga sovuq tikilgancha turardi. Ilgari bunday mahluqni suratlarda ko’rgandim. Darrov tanidim. Uning chupakabra ekaniga sira shubham qolmadi.
Chupakabraning nigohlari nihoyatda qo’rqinchli va har qanday odamni go’yo gipnozlab, qimirlashdan to’xtata olardi. Lekin men bu qo’rquv va hadiklarga so’z bermadim. Vintovkani o’qlab bir necha marotaba unga qarata o’q uzdim. Qarang, o’qdan ham qo’rqmas ekan bu mahluq. Men tepkini bosardim, u qimir etmasdi. Xayriyatki, saldan keyin qo’ni-qo’shnilar chiqib qolishdi. Ular ham qo’llarida fonar va miltiqlar bilan menga yaqinlashib kelishdi. Chupakabrani ko’rishdi-yu, u tomon chopishdi. Shundan keyingina mahluq qochishga tutindi. Baxtga qarshi qo’shnilar qancha quvlab, qidirishmasin, chupakabrani qaytib ko’rishmadi.
Tong otgach, hammayoqni titkilab tashladik. Chupakabrani uchratish va o’ldirishdan umidvor bo’ldik. Yo’q, u izsiz g’oyib bo’lgandi. Topa olmadik. Kechasi chupakabra turgan yerda bir tomchi ham qonni uchratmadik. Axir, men necha marta vintovkadan o’q uzgan bo’lsam, hammasi chupakabraga tekkan. Faqat u go’yo arvoh kabi bu o’qlarni tanasiga xotirjam va sovuqqonlik bilan qabul qilib olgan…
Bu g’aroyib voqea Los-Sedrales shahri yaqinidagi fermer xo’jaliklardan birida sodir bo’lgan. Molinas o’g’illari bilan ertasi kuni hisoblab ko’rsa, chupakabra o’ttizdan ziyod qo’y va echkilarini bo’g’izlab ketibdi.
— Bu mahluqni o’q olmasligi bir dard-u, — deya hikoyasini yakunladi fermer. — Yana o’ta aqlli ham ekan. Agar aqlli bo’lmasa, allaqachon qo’lga tushardi…
Haqiqatan, Chupakabraning aqlliligi xususida kriptozoologlar ham ilgari ko’p yozishgan. Aqlliligi shunda bilinadiki, chupakabra bir qishloqda hayvonlar qonini ichib, ularni o’ldirsa, qaytib bu qishloqqa hech qachon qadam bosmaydi. Juda qisqa fursatda boshqa bir viloyat va qishloqda paydo bo’ladi.
esoreiter. ru
Olimjon HAYIT tayyorladi