Ginnesning rekordlar kitobi inson imkoniyatlari va noodatiy xatti-harakatlarining eng ajabtovur namoyonidir. Dunyoda har kuni turli odamlar o‘ziga xos qobiliyat, jasorat yoki g‘aroyib odatlar bilan jahon rekordini o‘rnatishga harakat qiladi. Ularning ayrimlari kulgili, ayrimlari esa hayratga soladi, ba’zilari esa hatto biroz qo‘rqinchli tuyuladi. Quyida siz eng noodatiy, g‘alati va ko‘pchilikni ajablantirgan jahon rekordlari bilan tanishasiz. Ushbu odamlar o‘z harakatlari bilan dunyoga har bir inson o‘ziga xos va rekord o‘rnatish faqat kuch emas, balki sabr, iroda va ishtiyoq ham talab qilishini isbotladi.
Eng ko‘p burger yegan odam
Donald Gorske ismli amerikalik erkak umri davomida eng ko‘p Big Mak burgerini yeganlik bo‘yicha noodatiy jahon rekordiga ega. U 1972 yildan beri har kuni bir dona Big Mak yeb keladi va 2025 yil mart holatiga ko‘ra, 35 mingdan ortiq McDonald’s burgerini yegan.
Eng tili uzun odam
Yana bir amerikalik Nik Stoberlni barcha davrlarning eng g‘alati unvoniga ega shaxs desa ham bo‘ladi. U dunyodagi eng uzun tilli erkak hisoblanadi: Stoberlning tili 10,1 santimetrga yetadi. Bu rekord 2012 yil 27 noyabrda Ginnesning rekordlari jamoasi tomonidan tasdiqlangan. Uning tili nafaqat uzun, balki juda moslashuvchan ham. U turli fokuslar qila oladi, masalan, rasm chizadi va noodatiy uzun tili bilan elektron xat yozadi.
Xom piyozni eng tez yegan odam
Yaponiyalik Yusuke Yamaguchi ismli erkak 2013 yil 31 dekabr kuni Yangi yil bayramida xom piyozni atigi 29,56 soniyada yeb tugatib, rekord o‘rnatgan. Bu g‘alati jahon rekordlaridan biri bo‘lib, uni yangilash oson. Buning uchun butun piyozni qanchalik tez yeb tugatishingizni kuzating.
Terisi cho‘ziluvchan odam
Eng noodatiy Ginnes rekordlaridan biri dunyodagi eng cho‘ziluvchan teriga ega Gari Terner ismli odamga tegishli. Uning bu “qobiliyati” tibbiyotda teri, paylar va ichki a’zolarga ta’sir qiluvchi Elers-Danlos sindromi deb ataladi.
Terner terisini 15,8 santimetrgacha cho‘za oladi va bu rekordni u 1999 yildan beri ushlab turibdi. Bu jarayonni ko‘rish, rostini aytganda, biroz qo‘rqinchli.
Eng uzun mo‘ylovli erkak
Hindistonlik Ram Singh Chauhan ham eng g‘alati jahon rekordlaridan biriga ega. U 54 yoshda va aytishicha, mo‘ylov o‘stirishni juda yoshligidan boshlagan.
Chauhan 40 yildan buyon mo‘ylovini qirqmagan! 1970 yillardan beri o‘sib kelayotgan bu mo‘ylov 4,26 metr uzunlikka yetgan va u bu rekordni 2010 yilda Italiyada qo‘lga kiritgan!
Dunyodagi eng tukli oila
Gomeslar – dunyodagi eng tukli oila. Ular tug‘ma umumlashgan gipertrixoz kasalligiga chalingan. Bu noyob holat butun tana bo‘ylab haddan tashqari soch o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Ommaviy e’tibor va odamlarning g‘alati nigohlariga qaramasdan, ular o‘zlaridagi noyoblikni quvonch va faxr bilan qabul qilib, uni ijobiy tomonga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Eng uzun tirnoqli ayol
Ko‘pchilik uchun qanchalik jirkanch tuyulmasin, minnesotalik Diana Armstrong o‘z tirnoqlari bilan juda faxrlanadi va u ayollar orasida eng uzun tirnoqlarga ega bo‘lish bo‘yicha rekordchi. Tirnoqlarning umumiy uzunligi taxminan 13 metrni tashkil qiladi.
Diananing aytishicha, u 1997 yili qizini yo‘qotganidan so‘ng tirnoq olishni to‘xtatgan. U bu jahon rekordini 2022 yil 13 mart kuni qo‘lga kiritgan. Klaviaturada yozish yoki bir finjon qahva tayyorlash kabi oddiy ishlarni bu tirnoqlar bilan bajarishni tasavvur qila olasizmi? Bu haqiqatda eng g‘alati jahon rekordlaridan biridir.
Ko‘zdan sut purkash
Yana bir g‘alati rekord turkiyalik Ilker Yilmazga tegishli. U sutni burnidan tortib, ko‘zidan chiqaradi. Yilmaz bu rekordni 2004 yil sentyabrda o‘rnatgan.
Ehtimolki, bu Ginnesning rekordlari kitobida uchratish mumkin bo‘lgan eng noodatiy inson fiziologiyasi namoyishlaridan biridir. U ko‘zi yordamida sutni 279,5 sm masofagacha purkay oladi, bunga guvoh bo‘lish juda g‘aroyib.
Inson tanasida eng ko‘p qoshiq ushlab turish
Gruziyalik 39 yoshli kik-boks murabbiyi Etibar Elchiyev bo‘yin va ko‘krak qismiga 50 ta qoshiqni yopishtirib, “Inson tanasida eng ko‘p qoshiq ushlab turish” bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Avvalgi rekordchi kanadalik Aaron Keysi tutib tura olgan qoshiqlar soni 17 tani tashkil etgan edi. Etibar Elchiyev dastlab yuzida 27 ta qoshiq orqali rekord yangilashni rejalashtirgandi, biroq, reja keskin o‘zgarib, uning bo‘yin va ko‘krak qismiga yopishgan qoshiqlar soni 50 tani tashkil etdi.
Rekord uchun pul to‘lanadimi?
Ko‘pchilik Ginnes rekordini yangilagan shaxsga pul mukofotlari beriladi, deb o‘ylaydi, ammo bunday emas. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, hech qanday rekord uchun rag‘batlantiruvchi takliflar mavjud emas. Odamlar rekord o‘rnatishga ko‘pincha pul olish uchun emas, balki shaxsiy motivatsiya, e’tirof va tan olinishga bo‘lgan ehtiyoj tufayli harakat qiladi. Bunday yutuq odamga o‘z imkoniyatlarini namoyon etish, o‘zini sinab ko‘rish, hayotda muhim va unutilmas iz qoldirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, Ginnes rekordlari ko‘plab ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritiladi. Rekord o‘rnatgan insonlar mashhur bo‘lib ketadi, intervyularga chaqiriladi, auditoriya orttiradi va ba’zida o‘z faoliyatini reklama qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Masalan, sportchilar, san’atkorlar yoki hunarmandlar o‘z brendini tanitish uchun shunday rekordlarga intilishadi.