ODAM MURDASIDAN TAYYoRLANGAN BO’YoQ
(ko’ngli bo’shlar o’qimasin)
Tarixiy va arxeologik ma’lumotlarda ta’kidlanadiki, qadimda «Mo’miyo Braun» deya nom olgan bo’yoq juda mashhur bo’lgan ekan. Dahshatlisi, bu bo’yoq odam va mushuk jasadi kukuni asosida tayyorlangan.
Bir necha yuz yillar davomida u asosan rassomlarning sevimli bo’yog’i hisoblangan. Alohida idishlarga joylangan ushbu bo’yoqlar o’tgan asrning 60- yillariga qadar sotuvda bo’lgan.
Dunyoga mashhur rassomlar Ejen Delakruz, Martin Drolling, Edvard Bernslar ham xuddi shu bo’yoq ishqibozi bo’lishgan. Ammo ular bo’yoq murda kukunidan tayyorlanishini bilishmagan.
Qadimgi Misrda odamlar mo’miyolangan murda kukuni tirik odam organizmiga qo’shimcha quvvat beradi, deb hisoblashgan. Shu fikrni o’z davrida mashhur bo’lgan nemis-shveysar vrachi Paratsels ham yuz foiz qo’llab-quvvatlagan.
16-17- asrlarda esa Yevropaning bir qator davlatlarida mo’miyolangan murda kukunidan bosh og’rig’i, oshqozon yarasi kabi xastaliklarni davolashda unumli foydalanishgan. Oradan qanchadir vaqt o’tib murda kukunidan tayyorlanadigan dorilar tibbiyotda urf bo’lmay qoldi. Ammo 1798-1801 yillar oralig’ida Napoleon o’zining Misrga yurishi doirasida mo’miyolangan murda kukuniga asoslangan dorilar dovrug’ini qayta tikladi. Taqiqlovlarga qaramay, ko’plab savdogarlar O’rta yer dengizi orqali Misrdan o’sha kukunlarni ulgurji miqdorda o’z yurtlariga tashishgan va bundan juda katta foyda ko’rishgan. Faqat ko’pchilik olib kelingan kukundan bug’ asosida ishlaydigan mashinalar uchun yoqilg’i, qishloq xo’jalik ekinlari uchun o’g’it sifatida foydalangan.
Olimjon HAYIT tayyorladi