BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

XO’ROZ

 

(hajviya)

 

 

Ota-onasining tayini yo’q yigit

 

 

Makiyonim Gulchitoyning aytishiga qaraganda, ikkimiz Matxo’ja fermerning inkubatorida dunyoga kelgan ekanmiz. Hali dovdiramay yurishni o’rganib ulgurmasimizdan Gulchitoy ikkimizni Egam etikdo’znikiga olib kelishdi. Birinchi kuni meni allaqanday titilib ketgan eski mahsining ichiga solib qo’yishdi. Mahsining egasi kim bo’lgan bilmadim-u, lokigin ichi ja badbo’y ekan. Tuni bilan hiqichoq tutib chiqdi. Xayriyat, ertasiga katakka tashlashdi. Gulchitoy bilan birga burchakka borib, bir-birimizning pinjimizga kirgancha ulg’aydik. Etikdo’z ziqnalik qilmadi. Hali makkajo’xori, hali bug’doy sepib bizni katta qildi.

Katak kichik, buning ustiga qo’nog’i bo’lmasa-da, xafa emasdim. Chunki men o’sha yerda haqiqiy muhabbatning ilk totli lahzalarini boshimdan kechirdim. Gulchitoyga ko’ngil qo’ydim. Muhabbat deganlari g’alati narsa ekan. Kap-katta bo’lib qolibmiz-u, Gulchitoyni ergashtirib tomorqa, hovli kezganimda qo’shni xo’rozlar ko’rinib qolsa, rashkim kelardi. Darrov qanotimni qoqa-qoqa sevgilimning oldini to’sar, unga begona xo’rozning ko’zi tushishiga yo’l qo’ymasdim.

 

Qichqiriq

 

Jo’jaligimda ko’rganman, katta xo’rozlar balanddan baland tok ustiga chiqishardi-da, qanotlarini silkita-silkita cho’zib qichqirishardi. Shunda qo’shnimiz Sertuk makiyon xoladan so’raganman.

— Xola, anavi amaki nima qilyapti?

— Umi? — degandi Sertuk makiyon xola. — Xotinlariga, uy egalariga, butun olamga xayrli tong tilayapti!

— Menam shunaqa qichqiramanmi? — so’ragandim xoladan.

— Albatta, agar xudo umringni uzun qilsa, xo’roz bo’lganingda qichqirasan.

— Hozir-chi? Hozir xo’roz emasmanmi?

— Yo’q, hozir jo’jasan. Hali bolasan, bola…

Xayriyat, Sertuk makiyon xolaning duolari ijobat bo’lib, xo’roz ham bo’ldim. Faqat etikdo’zning uyida tok yo’q. Shunisi sal alam qildi. Biroq diqqinafas katakdan ko’ra hov anavi bukri anjir daraxtiyam teshib chiqmaydi. Vujudimda xo’rozlik qoni qaynab g’izillagancha anjir daraxtiga yaqin bordim. Tepaga sakrashdan oldin Gulchitoyga qaradim. Oka, makiyonim, yoshlik muhabbatim ancha qarib qolibdi. Tuklari to’kilib, nigohlari o’tmaslashibdi. Semirib, qandaydir beo’xshov muqomlar bilan yuradigan bo’libdi. Unga bir tomondan achinsam, ikkinchi tomondan etim uvishdi.

«Nega bunday bo’ldi? — o’zimga o’zim savol berdim. — Men devdek xo’roz bo’ldim, u-chi? Nahotki, makiyonlar shuncha erta qarib qolishsa? Endi nima qilaman? Shuning uchun kecha katakda «Kel, dardlashaylik» desam, «E, boring-e, shilqimlik ham evi bilan-da» degancha hurpayib yotib olgan ekan-da!.. Xudoyim, biz xo’rozlarga makiyonlarni himoyalash, nazorat qilish, qayta tarbiyalash va sevish vazifasini topshirgansan. O’zing yetkazgin endi yosh makiyonlardan! Umrim armonda o’tib ketmasin! O’zinggagina ayon, Gulchitoy qaribdi, semiribdi, hali zamon tabaka qilib yuborishlari hech gapmas. Ishqilib, yolg’izlik o’tida kuydirmagin!..»

Bir qarorga kelgandek so’nggi bor Gulchitoyga alam aralash qarab qo’ydim-da, ters o’girilib, anjirning tepasiga boqdim. Darrov jo’shib ketdim va bir sakrab anjir daraxti tepasiga chiqdim.

Anjir ham yomon emaskan. Egam etikdo’z xuddi men uchun ekib qo’yganmi, ko’nglim ko’tarildi. Bu yerdan qo’shnining hovlisigacha bemalol ko’rinib turarkan. Hovlida don cho’qib yurgan dakang xo’roz og’aga mag’rur tikilib turdim-da, qanotlarimni patillata-patillata ilk bor qichqirdim. Qichqirig’im chiroyli va jarangdor chiqdimi deyman, dakang xo’roz og’a uyoqda qolib, yonidagi makiyon yangalargacha burilib qarashdi. Oralarida yosh makiyoniyam bor ekan. Oppoq, do’mboqqina makiyon qalin dumlarini silkitgancha mendan ko’z uzolmay qoldi. Uni ko’rdim-u, harakatlarim behuda ketmaganiga amin bo’ldim va qaytadan qichqirib-qichqirib qo’yib, asta pastga tushdim. Endi bir narsaga amin edim. Do’mboq makiyonning yuragiga g’ulg’ula sop qo’ydim. Endi faqat meni o’ylaydi, qidiradi, nasib bo’lsa, erta-indin dakang xo’roz og’aning ko’zini shamg’alat qiladi-yu, mening yonimga chopqillab chiqadi.

 

Kambag’allik qursin!

 

Bir tanish xo’roz og’a: «Kambag’allik qursin, ukam, yigirmata makiyonim bor, xo’jayin esa oyiga atigi ikki kilo bug’doy, bir kilo makkajo’xori hisobida maosh beradi. Ishonsang, tez-tez och qolib ketaman, makiyonlarning mo’ltirab turishiga chidolmay, o’zimning donimniyam ularga beraman-da! Buyam yetmaganday, yigirmata makiyon tez-tez cho’qishib qoladi, ularga qozichilik qilaverib charchadim! Ba’zida boshimni olib uzoq-uzoqlarga ketib qolsam deyman-u, yana o’ylab qolaman. Axir, shuncha ro’zg’or, bola-chaqani tashlab qaerga boraman? Baribir ko’z qiymas ekan. Shunda alamimni jo’jalarga po’pisa qilishdan olaman. Kerak-nokerak ularga nasihat qilaman. Ja nerv chiqib ketsa, makiyonlarni hovli aylantirib quvaman. Harsillashini ko’rib sal alamimdan chiqqanday bo’laman. Shunday ekan, sen, ukam, o’ylab qadam bos, makiyonlarning makriga uchma! Ularning jodusi seni qaynatma sho’rvaga tiqadi!» degandi. Shularni o’ylab turib, Egam etikdo’zga rahmat degim keladi. U mening g’amimni yegan, ikkitagina makiyon sotib olgan. Yeganim oldimda, yemaganim ketimda. Makiyonlarim bir-biridan aqlli, farosatli. Hadeganda kallamni qotirib, og’zimdagi luqmani tortib olishmaydi. Baraka top, etikdo’z!..

 

Keksalik

 

Mana, yillar o’tib tabakaga tortaversa bo’ladigan yoshgayam yetib qolibman. Lekin biz xo’rozlarni tabakaga tortishmaydi-da! Nari borsa, sho’rvaga tashlashadi. Shunisigayam shukr!

Buyog’idan kelsam, Matxo’ja fermerning inkubatori haliyam ishlab turibdi. Demak, yosh avlod dunyoga kelyapti. Nasib bo’lsa, yaqin oylar ichida Egam etikdo’zning hovlisi yana xo’roz, makiyonlarga to’lib qoladi. Yosh-yalangning qichqirig’i butun qishloqni tutadi.

Faqat hozirgi avlod sal kaprizniyroq. Ular bizga o’xshab etikdo’zning anjiri ustiga chiqib qichqirishga or qilishadi. Shuning uchun sizdan muhim bir iltimosim bor. Mabodo etikdo’zni ko’rib qolsangiz, ayting, albatta hashamatliroq qo’noq yasab qo’ysin!

Olimjon HAYIT