XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

SUT HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

1. Xitoyliklar umuman sut ichmaydi. Organizmi ko’tara olmas ekan.

2. Vyetnamda sutni yo qand, yo meva aralashtirilgan holda sotishadi.

3. Sigir buzoqlagandan keyin 10 oy davomida sut beradi.

4. Hindistonda ham sutni turli shirinliklar aralashtirgan holda ichishadi.

5. Olimlarning ta’kidlashicha, yuz yildan ortiq umr ko’radiganlar albatta doimiy ravishda sut iste’mol qilgan bo’lib chiqadi.

6. Inson organizmi ot sutini sigirnikiga nisbatan yaxshiroq qabul qiladi.

7. Qo’y suti sigirnikiga qaraganda oqsil va yog’larga boy bo’ladi. Ammo qo’ylar brusellyoz xastaligi bilan og’rishini hisobga olsak, ularning sutini ichishdan oldin albatta qaynatish kerak.

8. Echki suti sigir sutiga nisbatan shirinroq bo’ladi.

9. Olimlar aytishmoqdaki, qadimda odamlar sut icha olmagan. Chunki ularning organizmida sutni to’g’ri qabul qiluvchi fermentlar bo’lmagan. Bu keyinchalik mutatsiya natijasida paydo bo’lgan.

10. Yovvoyi qoramol suti uyda boqiladigan sigir sutidan quyuqroq va to’yimliroq. Bu sut nafas yo’llarida paydo bo’lgan turli xastaliklarga davo hisoblanadi.

11. Sut markaziy asab tizimiga ijobiy ta’sir o’tkazadi. Shuning uchun uxlashga yotishdan oldin bir stakan qaynatilgan sut ichilsa, odam uyqusizlikdan azob chekmaydi. Darrov uxlab qoladi.

12. Sutni yaltiroq idishda saqlab bo’lmaydi. Bu holda sut tarkibidagi foydali moddalar yo’qqa chiqadi.

13. Sut bilan go’shtni bir vaqtda yeb bo’lmaydi. Botmaydi.

14. Sut chaqmoq chaqqanda birpasda achib qoladi. Bioximiklar aytishmoqdaki, chaqmoqdan tarqalgan uzundan-uzun magnit to’lqinlariga ega elektromagnit impulslar nafaqat sut, balki har qanday mahsulot ichkarisiga kirib borib uni iste’molga yaroqsiz holga keltirarkan.

15. Sutdan bo’shagan idishni oldin sovuq suvda, keyin qaynoq suvda chayish lozim.

16. 1 iyun har yili Xalqaro sut kuni sifatida bayram qilinadi.

17. Bryusselda sut kuni favvoralardan suv o’rniga sut otilib chiqadi.

18. Dunyo miqyosida yiliga 700 million tonna sut ishlab chiqariladi.

19. Har bir sog’in sigir kuniga taxminan 90 stakandan sut beradi.

20. Sut nega oppoq? Bilasizmi? Tarkibidagi kazein oqsili uni shu rangga bo’yarkan.

21. Sigir yelinida 11 dan 23 litrgacha sut bo’ladi.

22. XIX asrga qadar sut yuqumli xastaliklar bulog’i hisoblangan. Faqat fransuz mikrobiologi Lui Paster sutni pasterizatsiya qilish texnologiyasini yaratgachgina bu balo bartaraf etildi.

23. Sut tarkibidagi oqsillar inson organizmiga joylashib olgan zaharli moddalarni o’ldirish qudratiga ega. Shuning uchun zararli ishda ishlovchilarga tekin sut beriladi.

24. Butunjahon sog’liqni saqlash tashkiloti barchaga yiliga 330 kilogramm miqdorda sut mahsulotlari iste’mol qilishni maslahat beradi.

25. Lenin turmadalik paytida yaqinlariga maktubni sut bilan yozgan. Ma’lum bo’lishicha, sut qurigach, yozilgan yozuvlar ko’rinmas darajaga yetadi. Keyin ularni o’qish uchun qog’ozni yonayotgan shamga yaqinlashtirib turish kerak ekan.

26. Qadimda sut achib qolmasligi uchun ichiga qurbaqa tashlashgan. Qurbaqaning terisi o’zidan mikrob, bakteriyaga qarshi modda ishlab chiqararkan.

27. Sutdan tozalash vositasi sifatida ham foydalansa bo’ladi.

28. Laktozani ko’tara oluvchi insonlar oshqozoniga tushgan sutning 98 foizi to’liq hazm bo’ladi.

29. Sut tarkibida 80 tadan ko’proq foydali minerallar mavjud.

30. Sutning deyarli 90 foizi suvdan tashkil etgan.

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading…