Xitoyning Marsga jo'natgan raketasi qizil sayyoraning birinchi rasmlarini Yerga jo'natdi

Xitoyning Tianwen-1 nomli kosmik kemasi Mars sayyorasining ilk suratlarini Yerga jo’natdi. Bu haqda Xitoy milliy kosmik agentligi xabar bergan.

Ushbu raketa o’tgan yilning iyul oyida kosmosga uchirilgan bo’lib, u shu yili Marsga qo’nib, uni o’rganishi rejalashtirilgan. Raketa taxminan 10 fevral kuni Mars orbitasiga kirishi kutilmoqda.

6 fevral kuni Xitoy milliy kosmik boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan oq-qora suratlarda Marsning geologik xususiyatlari namoyon bo’ldi. Jumladan, suratlarda Schiaparelli nomli krater va Valles Marineris nomli katta hududni egallagan daralarni kuzatish mumkin.

Mazkur suratlar Marsdan taxminan 2,2 million kilometr masofa uzoqlikda olingan, deya xabar beradi Xitoy milliy kosmik boshqarmasi. Ayni paytda kosmik kema Mars sayyorasidan 1,1 million kilometr uzoqlikda turibdi.

Sovuq urush davrida Amerika Qo’shma Shtatlari va Sovet Ittifoqi kosmos sohasida yetakchilik qilardi. Xitoy bu holatni ko’rib o’zining kosmik dasturiga milliardlab dollarlarni tikdi. Xitoy 2003 yilda birinchi marta o’z fazogirini kosmosga uchirdi. Ayni paytda Osiyoning eng kuchli davlatlaridan biri bo’lgan Xitoy so’nggi o’n yil ichida ham kosmos bo’yicha ulkan yutuqlarga erishdi.