O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida kecha, 4 iyul kuni so‘nggi 150 yilda ushbu sana uchun hech qachon kuzatilmagan eng issiq harorat rekordi yangilandi. Bu haqda O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi, iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, kecha, 4 iyul kuni Toshkent shahrida joylashgan O‘zgidrometning “Toshkent-Observatoriya” stansiyasida havo haroratining maksimal qiymati +43,5 darajaga yetgan. Bu poytaxt uchun 4 iyul kunlarida kuzatilgan rekord issiq harorat qiymatidir.
“Toshkentda kuzatuvlar boshlangan 1868 yildan buyon hech qachon 4 iyul kunlarida bu kabi yuqori havo harorati qiymati qayd etilmagan”, deydi u.
Ma’lumot uchun, poytaxtda kuzatuvlar davrida eng yuqori harorat qiymati 1997 yil 18 iyulda qayd etilgan va o‘shanda termometr ustunchasi +44,6 darajaga ko‘tarilgan. Kecha poytaxtda havo harorati qiymati o‘sha ko‘rsatkichga 1 daraja yetmadi.