Xirurgiya markazida ilk bor bemorga endovoskulyar usulda stent-graft o'rnatildi

Zamonaviy tibbiyot bugun innovatsion yondashuvlar asosida rivojlanmoqda. Sohaga tatbiq etilayotgan ilg’or texnologiyalar o’ta murakkab operatsiyalarni ham kam invaziv yo’l bilan, qisqa vaqt ichida, eng muhimi, muvaffaqiyatli bajarish imkonini beryapti.

Keyingi yillarda akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ana shunday yangicha diagnostika va muolaja usullari joriy etilmoqda. Natijada minglab og’ir bemorlarning hayotini asrab qolish imkoniyati yaratilyapti. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

 

Saidmurod Ismailov,
markaz direktori:
— Muassasamizda barcha turdagi xirurgik kasalliklar, jumladan, abdominal, yurak-qon tomir, o’pka va ko’ks oralig’i xastaliklari aniqlanadi hamda davolanadi. Hozir mutaxassislarimiz 350 dan ziyod turdagi kam invaziv yuqori texnologik operatsiyalar o’tkazyapti. Ulardan 230 tasi noyob amaliyotlar turiga kiradi.
O’tgan yili yurtimizda ilk bor endoviziual xirurgiya bo’limida laparoskopik usulda me’da osti bezi insulinomasining enukleatsiyasi hamda me’da proksimal qismi o’smasida gastrektomiya amaliyotlarini bajarishni yo’lga qo’ydik.
Rentgenendovaskulyar xirurgiya bo’limida endovaskulyar usulda bo’lmachalararo to’siqni bartaraf etish operatsiyasi muvaffaqiyatli o’tkazilib, 2022 yilning o’zida 11 turdagi yangi amaliyot o’zlashtirildi.
Aorta anevrizmalari yorilishining oldini olish maqsadida markazda ilk bor 1 nafar bemorga endovoskulyar usul bilan ilk bor stent-graft o’rnatildi.
Qolaversa, markazda 3 ta yurak tug’ma nuqsonlari bo’limi, 1 va 2-sonli gepatobiliyar xirurgiya va jigar transplantatsiyasi bo’limlari tashkil etildi.
O’z navbatida, 2022 yil muassasada inson a’zolari va to’qimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi ochildi.
Intervension kardiologiya, rentgeno-endovaskulyar jarrohlik va yurak ritmining buzilishi bo’limida yurak va tomirlarda kam invaziv usulda, ya’ni ochiq operatsiyalarsiz murakkab jarrohlik amaliyotlarini o’tkazish yo’lga qo’yilgan.

Ayni paytga kelib, mazkur bo’limda yiliga 2-2,5 mingta angiokardiografik tekshirishlar va minimal invaziv operatsiyalar bajarilyapti.

Binobarin, Farg’ona viloyatining Qo’qon shahri, Qoraqalpog’iston Respublikasining Beruniy, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Xorazm viloyatining Urganch, Buxoro viloyatining Vobkent tumanlarida ilk bor buyrak transplantatsiyasi o’tkazildi.