Saudiyada g'ayrioddiy bino qurilmoqda. U Nyu-York osmono'par binosidan 20 baravar katta!

Saudiya Arabistoni poytaxti Riyoz shahrida Murabba deb nomlangan ulkan ishbilarmonlik markazi barpo etiladi. Bu haqda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ma’lum qilgan. Nyu-Yorkdagi mashhur Empire State Building majmuasidan 20 baravar katta markaz 2030 yilda qurib bitkaziladi.

19 kvadrat kilometr maydonni egallagan majmua 100 mingta xonadon, mehmonxonalar, minglab do’kon va ofislar, 80 dan ziyod madaniy-ko’ngilochar inshootlar, muzey va universitetni o’z ichiga oladi. Yashil energetika va sog’lom turmush tarzi tamoyillariga asoslangan majmuada zamonaviy texnologiyalarning so’nggi yutuqlari aks etishi ko’zda tutilgan.

Mukaab deb atalgan osmono’par bino yangi majmuaning «tashrif qog’ozi» bo’lishi kutilmoqda. Balandligi, eni va uzunligi 400 metrni tashkil qiluvchi kub shaklidagi inshoot misli ko’rilmagan deya ta’riflangan. Tashkilotchilar Najd me’moriy uslubida, raqamli va virtual texnologiyalar yordamida barpo etiladigan bahaybat binoda aqlni shoshiruvchi mo»jizalar jamlanishiga va’da bergan.

Murabba – Saudiya Arabistonida «Nigoh –2030» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardan biridir.

Avval xabar berganimizdek, podshohlik shimoli-g’arbida 500 milliard dollarlik loyiha doirasida NEOM deb atalgan kelajak shahri qurilishi e’lon qilingan.

Issiq iqlimli mintaqada TROJENA deb atalgan tog’-chang’i dam olish hududi ham barpo etilmoqda.

Qizil dengiz sohili bo’ylab 5,7 million kvadrat metr maydonda xalqaro darajadagi kurort tashkil etish rejasi ham ilgari surilgan.