Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.
Payg’ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin.
Hech o’ylab ko’rganmisiz, nega bolalar uxlashni unchalik yoqtirishmaydi? Ayniqsa, tush paytida onalari ularni uxlatishga juda qiynalishadi. Ortilaridan yugurib-yugurib, ba’zilar esa hatto shirin-shirin va’dalar bergachgina, farzandlarini uxlashga ko’ndirishadi. Natijada bolalar ko’pincha ma’lum bir vaqtda zmas, o’zlari xohlaganda uxlashga o’rganadilar.
Ammo bunday holatga ko’nikishdan oldin, «Uyqu vaqtini to’g’ri tashkil etishning ahamiyati qay darajada muhim, kichkintoylarni o’zlari xohlaganda uxlatgan ma’qulmi yoki ma’lum vaqtdami?» kabi savollarga aniqlik kiritib olish kerak. Bu borada aniq va batafsil ma’lumotga ega bo’lish maqsadida mutaxassislarga murojaat qildik.
Sayyora Olimxo’jayeva, psixolog: «Uxlashni yoqtirmaslik yosh bolalar orasida tez-tez uchrab turadigan holat. Ko’pincha bunga tabiiy qaralib, uning sababi sifatida mazkur yoshdagi bolalarning o’yin faoliyatiga qiziqishlari yuqoriligi ko’rsatiladi. Ammo unutmaslik kerakki, kichkintoylarning qanchalik sog’lom bo’lib o’sishi ulardagi kunlik uyqu me’yoriga bog’liq. Xususan, bunda bolalarning o’zlari xohlagan paytda emas, balki uyqu vaqti bo’lganida uxlashlari muhim ahamiyatga ega. Ko’pincha ota-onalar uxlamaganida bolalar ham uxlamasdan uyda o’ynab yurishadi, Kattalar esa ishlari ko’payib borayotganidan, ayrim yumushlarini uyqu vaqti evaziga bajarishadi. Texnika qanchalik rivojlanib, insoniyatning o’z yumushlarini bajarishga ilgarigidanda yengilliklar ko’paygan bo’lishiga qaramasdan, kattalarning yumushlarini bajarishga ketayotgan mazkur vaqti qisqarmayapti. Natijada yuzaga kelayotgan yigirma to’rt soatlik jamiyat, kattalar yonidagi kichkintoylarning uyqu vaqtlariga ham o’z ta’sirini o’tkazyapti». «Dunyodagi 65 foiz jajjilarning vaqtida uxlamasliklari aniqlangan,– deydi Respublika tashxis markazining yetakchi mutaxassisi Qosimjon Nuriddinov. – Olimlar uyqu tarbiyaning bir turi ekanini va unga jiddiy munosabatda bo’lish zarurligini e’tirof etishadi. Tartibsiz tarzda uxlashga odatlangan bolalarning katta bo’lganida asab va xotira tizimida «noziklashuv» sezilib, ular boshqalarga qaraganda sabrsiz va shoshqaloq bo’lib voyaga yetadi». Suhbatdoshlarimizning yuqoridagi fikrlarini tinglar ekanmiz, ko’cha-ko’yda uchrab turuvchi baqiriq-chaqiriqlarni esladik. Balki, siz ham guvoh bo’layotganingiz o’sha asabbuzar munosabatlarning yuzaga kelishiga, uyqu vaqtining me’yorini bilmasdan ish tutish, tartibsiz uxlashning ham ta’siri bo’layotgandir? Bu haqda yosh mutaxassislardan biri Farhod Haydarov fikr-mulohazalarini bildirdi: «Endi tug’ilgan chaqaloq uchun bir kecha kunduzda 21 soat, olti oydan o’n ikki oylik bo’lgan bola uchun 14 soat, to’rt yoshda 12 soat va o’n yoshda 10 soat, kattalar uchun esa 7-8 soat kunlik uyqu me’yori belgilangan. Agar kattayu-kichik ana shu uyqu me’yoridan kam uxlasa va undagi tartibga ahamiyat bermasa, o’z-o’zidan kayfiyatida tajanglik belgilari kuzatila boshlaydi, tez-tez jahli chiqadi». Bolalar shifokori Dilorom Sharipova esa: «Bolaning bir yosh bo’lgunicha kechasi va kunduzgi uyqulari deyarli farqlanmaydi, ammo undan keyingi yoshda kechasi va kunduzgi uyqularining o’z o’rnida bo’lishiga e’tibor berish joiz,– deydi. – Odatda, bola uxlashni istamay xarxasha qilsa, uning istaklariga tezlikda erk bermaslik kerak. Yaxshi gapirib, ertaklar aytib, ularni uxlatishga harakat qilish lozim. Ana shunda bolalar uyqusi uzoq davom etadi va ular yaxshi tushlar ko’rib uyg’onadi». Hayot – harakatda. Unda rang-barangliklar bisyor. Inson ana shunday turfa holatlar asosida o’z kundalik turmushlari, vazifalari, burch va majburiyatlarini ado etib boradi. Ko’pincha ularni o’z xohish-istagimizdan kelib chiqib bajaramiz yoki ulgurmaymiz. Ammo hayot tarzimizda ovqatlanish, uxlash kabi ehtiyojlar borki, ular tirikligimizning biologik asosidir. Ma’lumotlarga ko’ra, uyqu ovqatlanishdan-da zarur bo’lgan ehtiyoj hisoblanarkan. Odam ovqatlanmasdan bir necha kunduz yashashi mumkin. Ammo bir necha kun uxlamaslik o’limgacha olib kelishi mumkin. Ayrim hayvonlar esa ovqatsiz uzoq kunlar davomida yashashi mumkin bo’la turib, uyqudan mahrum qilinganda tezda halok bo’ladi. Demak, xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, uyquning ahamiyati bisyor. U shunchaki, dam olish vositasi emas. Shunday ekan, yuqorida mutaxassislar aytgan ko’rsatmalarga rioya etishga harakat qilaylik. Zero shundagina jamiki yurish-turishimiz, sog’lig’imiz va tarbiyamizda u o’zining salbiy belgilarini namoyish etmaydi.
Zebo NAMOZOVA